Konstruktivizm
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Konstruktivizm (lot. constructs — qurish, yasash) — 20-asrning 20-yillari sanʼat va adabiyotda vujudga kelgan oqim. Dastlab meʼmorlikda kurilish texnikasi va texnologiyasi yutuqlari taʼsirida yuzaga keldi va rivojlandi. K. badiiy loyihalash (dizayn)ni shakllanishiga har taraflama imkon yaratdi. K. tarafdorlari atrof muhitni "kurish" vazifasini ilgari surdilar. Qurilgan bino va yaratilgan buyumlarni sodda va ixcham, qulay va maqsadga muvofiq boʻlishini eʼtirof etdilar. Meʼmor va rassomlar hamkorlikda odamlar yashaydigan muhitni yaratib, ularning kayfiyati, mehnat faoliyatiga taʼsir etish mumkin deb bildilar. K. nazariyotchilari ingliz J.Reskin, U.Morris, amerikalik X.Grinua, L.X.Salmiv, avstriyalik O.Loza, fransuz O. Perre, Le Korbyuzye, nemis meʼmorlari V. Gropius, X.Meyer, rossiyalik aka-uka Vesninlar, M.Ginzburg va boshqalarning amaliy va nazariy qarashlarida shu yoʻnalish gʻoyalari oʻz aksini topdi. Yevropa, Amerika, Osiyoda keng yoyilib "xalqaro uslub" darajasiga koʻtarildi. Oʻzbekistonda meʼmorlardan G.P.Bauer, G.M. Svarichevskiy, S.N.Polupanov va boshqa K. uslubini keng qoʻllashga harakat qilishgan.
Tasviriy va amaliy sanʼatda idish, mebel, jihozlarning yangi nusxalari, gazlamalar uchun rasmlar yaratildi, kiyimlarning yangi va qulay shakllari ishlab chiqildi, K. grafika rivoji, kitob ishi, harf terish va boshqalarda muhim ahamiyat kasb etdi. Teatr dekoratsiyasida anʼanaviy bezaklar oʻrniga sahnadagi harakat mazmuniga xizmat qiladigan "dastgoh"lar yaratildi. Oʻzbekiston tasviriy sanʼatida V.Ufimsev ijodida K. taʼsiri kuzatiladi, 60—70-yillarda plakat janrida keng qoʻllandi. K. kridalari F. Kagarov, I.Abdullayev, H.Hasanov va boshqa ijodida oʻz aksini topdi.
Adabiyotdagi K. dastlab Rossiyadagi "soʻl" oqim — futurizm ichida namoyon boʻldi. 1924—30 yillarda konstruktivistlarning adabiy markazi guruhi mavjud boʻlib, unga I.Selvinskiy, K.Zelinskiy, V.Inberg, E.Bagritskiy, B.Agalov va boshqa kirgan edi. K. vakillari badiiy asarga "konstruksiya" sifatida qarab, obrazning har bir unsuriga "maʼno yuklashga" harakat qiddilar. Bu amalda sxematizmga, shior va reklama uslubiga olib keldi. Mumtoz merosning ahamiyatini yetarli baholamaslik K.ni futurizm bilan yaqinlashtirdi. K.ga moyillik 20-yillarda Shokir Sulaymon, Gʻayratiy kabi oʻzbek shoirlarining ijodida ham sezilgan. Konstruktivistlarning adabiy markazi jamoatchilikning qattiq tanqidiga uchradi, faoliyatini 1930-yilda tugatdi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |