Kontuziya (lot. contusio — lat yeyish) — zarba natijasida shikastlanish; butun aʼzoi badan (yoki tananing koʻp qismi) lat yeganda organizmning umumiy shikastlanishi. K. koʻproq havoda yoki suvda kuchli portlash roʻy berganda yuzaga keladigan qattiq toʻlqin taʼsirida paydo boʻladi: Qattiq narsa bilan urganda, zarang yerga yiqilganda, qattiq kaltaklash natijasida (koʻz K.si), atmosfera bosimi va vibratsiyaning keskin oʻzgarishlarida ham K. holati kuzatiladi. Mahalliy va umumiy, shuningdek, yengil va ogʻir K. farq qilinadi. Uning asosiy belgisi markaziy va periferik nerv sistemasining zararlanishi, eshushning yoʻqolishidir. K. yengil kechganda odam karaxt boʻlib, qisqa muddatga (bir necha min.ga), ogʻir K.da butunlay va uzoq vaqt (soatlab va hatto sutkalab) hushini yoʻqotadi, hatto koma vujudga keladi, aksari yurak va nafas faoliyati boʻziladi,ichki aʼzolarga putur yetadi, amneziya roʻy beradi. K. ga yoʻliqqan bemor oʻziga kelgach, kuchli bosh ogʻrigi va bosh ay-lanishidan bezovtalanadi, hech narsa eshitmaydi, gapira olmaydi (qarang Gunglik). K. holati 1—4 kundan 1—2 haftagacha davom etib, keyin barcha alomatlar oʻtib ketadi yoki uning ayrimlari (toliqish, uyqusizlik, qiziqqonlik, ishtaha yoʻqolishi kabi astenik sindrom belgilari) surunkali tus oladi. Bosh miya K.sida miya chayqalishida uchraydigan belgilar bilan bir qatorda falajlanish, sezuvchanlikning buzilishi, harakat muvozanatining oʻzgarishi va hokazo kuzatiladi. Bemor darhol kasalxonaga yotqiziladi va tinch sharoit yaratiladi, uning ahvoli va jarohatlanish jarayoniga qarab zarur dori-darmonlar buyuriladi; zaruriyat boʻlsa, operatsiya qilinadi. [1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil