Korrespondensiya
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Korrespondensiya (lotincha: correspondeo yoki correspondentia — javob beraman, bildiraman) — publitsistik janr. Unda maʼlum davr va oʻrindagi aniq ijtimoiy jarayon qamrab olinadi. K. 2 xil — axborot va tahliliy tarzda boʻladi. Axborot K.da, odatda, muallif shaxsan oʻzi koʻrgan voqealarni yoritadi, xabarlarni dalillar asosida tahlil etadi, umumlashtiradi, xulosalar chiqaradi. Tahliliy K.da ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega boʻlgan dalillar demokratik nuqtai nazardan tahlil etilib, amaliy xulosalar chiqariladi. K. matbuotda eng keng tarqalgan janrlardan biri.[1]
Korrespondensiya, bu — muxbirlar tomonidan OAV uchun joylardan yuboriladigan xat, xabar, joʻnatmalar.[2]
Korrespondensiya tili
tahrirAgar xabarda dalil qisqa va aniq keltirilsa, korrespondensiyada hayotning u yoki bu tomonlarini jonli tasvirlash, voqeaning mohiyatini ochib berishga yordam beruvchi xarakterli dialoglarni keltirish mumkin. Shuningdek, unda epitetlar, metaforalar, ritorika masalalari kabi badiiy tasvirlardan foydalanish mumkin. Gazetaning barcha janrlari kabi korrespondensiyada ham siyqasi chiqqan soʻz, iboralardan foydalanishdan qochish kerak.
Korrespondensiyada xulosalar, ishonchli umumlashmalar ham boʻlishi kerak, biroq unda "bu masalaga katta eʼtibor berish kerak" yoki "chuqur bilib olish lozim" singari umumiy soʻzlar mutlaqo boʻlmasligi darkor. Umumiy jumlalar gazetxonga mutlaqo taʼsir koʻrsatmaydi, uni fikr yuritish, hayajonlanishga majbur qila olmaydi. Zero, aniqlik hamda taʼsirchanlik har qanday jurnalistik materialning oldiga qoʻyiladigan asosiy talab hisoblanadi.
Korrespondensiyada hayotning u yoki bu epizodini koʻzga tashlanadigan qilib tasvirlash mumkin. Korrespondensiyada oʻxshatish, taqqoslashlarni ishlatishga yoʻl qoʻyiladi. Koʻpincha muallif oʻz korrespondensiyasini oʻtkir maqol, matal va shu kabi til vositalari bilan jonlantiradi. Shu bilan birga, baʼzi jurnalistlar materialni qolip iboralardan tarkib topgan holda tuzishadi. Bu esa oʻquvchilarni gazetadan bezdiradi, muallif fikrini xiralashtiradi. Korrespondensiyaning tiliga qoʻyiladigan talablar uning janr xususiyatlaridan kelib chiqadi, yaʼni faktlar bayoni, tahlil, umumlashmalar aniq, obrazli, jonli, taʼsirchan bayon etilishi lozim.
Korrespondensiya rukni
tahrirKorrespondensiyalarda doimiy yoki davr ruhidan va talablaridan kelib chiqqan holda qoʻyiladigan ruknlar mavjud. Doimiy ruknlar ixcham, siqiq boʻlib, ularning aksariyatida ilgʻor tajriba, turli sohalarga oid muammolar oʻz aksini topgan: „Faxr“, „Sport“, „Koʻzgu“ („Xalq soʻzi“) kabilar shular jumlasidandir. Davr ruhini aks ettiradigan, davr sadosi hisoblangan ruknlar ham qoʻllanadi: „Davr“(„Xalq soʻzi“), „Jahon maydonida“ („Darakchi“).
Korrespondensiya sarlavhasi
tahrirKorrespondensiya sarlavhali ruknlarga qaraganda ancha mazmunli, obrazli, taʼsirchan, ixcham vositalardan tanlangan. Sarlavha sifatida ot soʻz birikmalar, frazeologizmlar, sodda gaplar, soʻroq gaplar koʻplab ishlatiladi: "40-Butunjahon shohmot olimpiadasi" („Oʻzbekiston ovozi“), "Yosh polvonlar Bornmutda bellashadilar", „Sifatli va raqobatbardosh“ („Xalq soʻzi“), "Mening nafsim balodur" („Darakchi“).
Korrespondensiyalarda soʻz-sarlavhalar nihoyatda kam uchraydi, lekin ular yorqin, sermazmun, ixcham boʻlib, gazetxon diqqatini tez oʻziga tortadi hamda matn mavzusi va maʼnosi haqida dastlabki aniq axborotni beradi: "Muazzam, munavvar, ulugʻvor" („Xalq soʻzi“). Korrespondensiyalarda soʻroq, undov gaplar va boshqa obrazli gaplar ham sarlavha sifatida ishlatiladi. Ularning aksariyati taʼsirchan vosita rolini bajaradi: "Yangi musiqa koshonasi" yoki "Qishloq nomi nega „Jangati“?" („OʻzA sayti“).
Korrespondensiyaning leksik va grammatik xususiyatlari
tahrirKorrespondensiyaning tili axborot berish xarakteri jihatdan xabar janriga xos xususiyatlarni (faktlarni sanash, neytral maʼnoli til vositalarini ishlatish kabilarni) oʻzida aks ettirsa, mavzuni yoritish, qisman tahlil jihatidan maqola janriga yaqin turadi. Korrespondensiyada obrazli ifodalarning ishlatilishi ham maqola, lavha janrlaridan farq qiladi, yaʼni unda obrazli, badiiy ifodadan koʻra bir necha faktlar bayoni ustun turadi: "Darhaqiqat, oʻzbek kurashining umumjahon qadriyati sifatidagi taraqqiyotida mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ishlarning ahamiyati beqiyos. Hozirgi kunda beshta qitʼada Kurash konfederatsiyalari tashkil etilgan boʻlib, Xalqaro kurash assotsiasiyasiga 120 davlat aʼzo" („Xalq soʻzi“).
Korrespondensiya janrining imkoniyatlaridan unumli foydalanish, tilning obrazli vositalarini oʻrinli qoʻllashga katta eʼtibor qaratiladi. Tanqidiy korrespondensiyalarda esa obrazli ifodalar, iboralar, maqollar, mulohaza va munozaraga undovchi soʻroq gaplar keng qoʻllanadi.
Korrespondensiyada ekspressivlikning ifodalanishi
tahrir1. Frazeologizm, xalq maqollari, mazmunli til birliklarini ishlatish natijasida taʼsirchanlik taʼminlanadi: "Inson uchun tinchlikdan aziz neʼmat yoʻq, aslida" („Xalq soʻzi“).
2. Matnga mos epigraf tanlash xam taʼsirchanlikni oshirishga xizmat qiladi. "Hamjihatlik, bunyodkorlik va taraqqiyot" sarlavhali korrespondensiyaga mos ravishda quyidagi epigraf tanlangan: "Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi. Eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar" — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasidan („Xalq soʻzi“).
3. Maqollardan matnlarda oʻrinli foydalanish bilan maʼno kuchaytiriladi: "Odam bolasi — elning lolasi" („OʻzA sayti“).
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |