Korsika — O‘rta dengizning shimolidagi qismidagi orol hisoblanadi. Uzunligi 183 km, kengligi 85 km hisoblanadi. Maydoni 8,7 ming km². Qirg‘oqlari g‘arbida tik va qoyali, kuchli parchalangan, qo‘ltiq ko‘p, sharqida tekis, past va kam parchalangan. Korsika, asosan, granit va gilli slanetslardan tuzilgan. Relyefi tog‘li, eng baland joyi 2710 m (MonSento cho‘qqisi). Iqlimi o‘rta dengiz iqlimi. Yanvarning o‘rtacha temperaturasi 12—13°C, iyulniki 24—26°C, yillik yog‘in tekisliklarda 600 mm dan, tog‘larda 1200 mm gacha. Daryolari qisqa, yozda suvi kamayib, baʼzan qurib qoladi. Makvis va doim yashil butazorlar, dub, qarag‘ay, qoraqarag‘ay o‘rmonlari, tog‘ tepalarida subalp va alp o‘tloqlari bor. Sohil va vodiylarda subtropik dehqonchilik qilinadi. Tokchilik, bog‘dorchilik rivojlangan, tog‘ yon bag‘irlarida donli ekinlar yetishtiriladi. Chorvachilikda qo‘y, echki, yilqi boqiladi. Baliq ovlanadi. Turizm rivojlangan. Bosh shahri — Ayachcho. Qadimda Korsikada iberi va liguri qabilalari yashagan. Miloddan avvalgi 3-asrda Rim, milodiy 6—8 asrlarda Vizantiya, 9-asrda arablar egallagan. 11-asrda Piza, 1347—1764-yillarda Genuya, 1768-yildan Fransiya tarkibida bo‘ladi. Korsikada Napoleon Bonapart tug‘ilgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. O‘zME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil