Kotonu — Beninning jan. qismidagi shahar. Atlantika provinsiyasining maʼmuriy markazi. Mamlakatning boshqaruv va hukumat muassasalari K.da joylashgan. Aholisi 536 ming kishidan ziyod (1990-yillar oʻrtalari). Gvineya qoʻltigʻidagi port (palma magʻzi va moyi, kopra, kofe, paxta eksport qilinadi). Temir yoʻl stansiyasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Oziq-ovqat, toʻqimachilik sanoati korxonalari bor. Yogʻoch qayta ishlanadi. Hunarmandchilikda yogʻoch oʻymakorligi rivojlangan, savat toʻqiladi. Issiqlik elektr st-yasi, botanika bogʻi, Benin muzeyi, shahardan 15 km shim.da universitet bor. Shaharga 19-asrning 1-yarmida asos solingan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil