Kredit kartochkasi

(Kredit kartadan yoʻnaltirildi)

Kredit kartochkasi, kredit karta — plastik kartochka koʻrinishidagi shaxsiy (nomi yozilgan) toʻlov hisob-kitob hujjati. Bank yoki kredit muassasasi tomonidan beriladi. Beriladigan kredit hajmi kredit kartochkasi turiga bogʻliq (oddiy, oltin, korporativ kredit kartochkalari). Kredit kartochkasida pul egasining identifikatsiya raqami, familiyasi, joriy hisob varagʻidagi summa koʻrsatiladi. Oʻz egasiga kompyuter qurilmalari bilan taʼminlagan chakana savdo (xizmat koʻrsatish) tarmoqlarida naqd pulsiz tovarlar va xizmatlar xarid qilish huquqini beradi. Kredit kartochkasiga koʻra, maxsus kompyuterlashtirilgan hisobkitob tizimi orqali xaridor kredit kartochkasidagi pul summasi uning hisob raqamidan olinib, tovar sotgan (xizmat koʻrsatgan) korxona hisobiga oʻtkaziladi. Kredit kartochkasi muomaladagi naqd pul miqdorini keskin kamaytirishga imkoniyat yaratadi. Birinchi marta 1946-yilda Nyu-York milliy bankida qoʻllangan. Turli mamlakatlarda Amerika moliya-kredit guruhlarining (Visa, Master card, American Express) Kredit kartochkasilari qoʻllanadi. Yevrokard Kredit kartochkasilari ham bor. Oʻzbekistonda 1996-yildan Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki dastlab „viza kard“ Kredit kartochkasi chiqarishni tashkil qildi va Kredit kartochkasilariga xizmat koʻrsata boshladi. 2000-yillar boshida Oʻzbekistonning boshqa banklarida ham jahonning koʻpgina rivojlangan mamlakatlaridagi banklar bilan Kredit kartochkasi orqali mijozlarga xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil