Kumush nitrat (lyapis), AgNO3 — rangsiz kristall modda. Suyuqlanish temperaturasi 208,5°, zichligi 4,352 g/sm3, suvda (20° da) 68,3% eriydi. Qizdirilganda (300°) kumush, azot, kislorod va azot oksidlariga parchalanadi. Kumushga nitrat kislota taʼsir ettirib olinadi. Yorugʻ sezgir fotomateriallar tayyorlash uchun asosiy xom ashyo hisoblanadi. Kumushning boshqa birikmalarini olishda, kimyoviy analizda, organik kimyoda oksidlovchi sifatida, koʻzgu ishlab chiqarishda, galvanik kumush yugurtirishda, tibbiyotda mikrobga qarshi va kuydiruvchi modda sifatida eritmasi, mazi, tayoqchalari yara-chaqaga surtiladi, eroziya, traxoma va konʼyunktivitda ishlatiladi. 2% li eritmasi yangi tugʻilgan bolalarni blennoreyadan saqlash uchun koʻziga tomiziladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil