Kunningam gʻoʻzasi (Gossypium Cunninghamii Tod.) — yovvoyi gʻoʻza turi. Italyan olimi A. Todaro taʼriflab bergan (1887). Avstraliyaning shim.gʻarb sohillarida tarqalgan. K.gʻ. —tik oʻsadigan, boʻyi 3–4 m li yalangʻoch buta. Barglari tuxumsimon-uzunchoq, butun, barg bandi kalta. Bargining pastki tomonidagi markaziy tomirlarida bitta toʻq yashil shira bezi bor. Gulyonbarglari mayda, gullari oʻrtacha kattalikda, gul bandlari uzun. Gulbargi toʻq qizil, asosida toʻq qizil dogʻlari bor. Kosachasi yirik, qora tomirli va 5 tadan uzun tishli. Gulyonbarglari nashtarsimon, guldan tashqariga qayrilgan. Koʻsaqlari mayda, 3 chanoqli, tuxumsimon, uchi oʻtkir, sirti silliq, qora smolali bezchalar bilan qoplangan. Chigitlari mayda, choʻzinchoq. Biologik xususiyatlari oʻrganilmagan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil