Kuznetsk koʻmir havzasi
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kuznetsk koʻmir havzasi, Kuzbass — Rossiyadagi yirik koʻmir havzalaridan biri. Rossiya Federatsiyasining Kemerovo viloyatida Kuznetsk soyligi hududida joylashgan. Umumiy maydoni 70 ming km², shundan koʻmir qatlamliligi 26,7 ming, km². Geologik tuzilishiga koʻra, yuqori paleozoy, mezozoy va kaynozoy erasi choʻkindi jinslaridan tashkil topgan. Koʻmirli yotqiziqlar toshkoʻmir, perm, trias, yura, boʻr davrlarida hosil boʻlib, qavatmaqavat joylashgan qumtosh, alevrolit, argillit va koʻmir qatlamlaridan iborat. Yuqori toshkoʻmir davri yotqiziqlari ostrogek svitasi deb atalib, unda 3 ta koʻmir qatlami, quyi perm balaxonsk svitasida 64 ta koʻmir qatlami bor. Yuqori perm yotqiziqlari esa 3 svitaga boʻlinadi (pastdan yuqoriga): Kuznetsk svitasida 6 koʻmir qatlami, ilinsk svitasida 64 koʻmir qatlami va yeruvakovsk svitasida 105 koʻmir katlami bor. Quyi yura — konglomerat svitasida 19 koʻmir qatlami mavjud.
Sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan koʻmir qatlamlari faqat balaxonsk, yeruvakovsk va konglomerat svitalarida (qalinligi 10–15 m) uchraydi. Koʻmirning tarkibida 4—9% kul, 0,3—0,65% oltingugurt, 4—45% uchuvchi gazlar bor. Balaxonsk svitasidagi koʻmir koks sanoati va energetikada ishlatiladi. Konglomerat svitasidagi koʻmirdan esa energetika va kimyo sanoatida foydalaniladi. Kuznetsk havzasini qurshab olgan togʻ tizmalarida temir va polimetall konlari bor.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |