Lab
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Lab – anatomik tuzilma; ogʻiz boʻshligʻining kirish qismini tashkil etadigan muskul-teri burmalari. Toshbaqa, qush va kloakali yirik sut emizuvchilarda jagʻdan tumshuq vujudga kelganligi tufayli lab boʻlmaydi. Baliqlar labida taʼm bilish va tuygʻu retseptorlari koʻp boʻlib, lab oʻljani ushlab olishga yordam beradi. Suvda va quruqlikda yashovchilarning koʻpida lab nafas olishda ogʻiz boʻshligʻini ochib-yumishga xizmat qiladi. Sudralib yuruvchilarning labi rostmana shakllangan va muguz qalqoncha bilan qoplangan. Sut emizuvchilarda lab harakatchan boʻlib, bola emizishga moslashgan. Toʻgarakogʻizlilarda yuqori lab soʻrgʻich vazifasini oʻtaydi.
Odamda lab harakatchan boʻlib, ogʻiz boʻshligʻi bilan chegaralangan; u tashqaridan teri, ichkaridan mayda bezlarga boy shilliq parda bilan qoplangan, uning asosini ogʻizning aylana muskuli va mayda mimika muskullari tashkil etadi. Teri bilan shilliq parda tutashgan joy – qizil hoshiyada qon tomirlar koʻp. Labga uch shoxli nervdan sezuvchi tolalar keladi. Yuqori va pastki labning oʻzaro bir-biri bilan birikib turishi ovqatni chaynashga imkon beradi; soʻzlashda talaffuzning toʻgʻri va ravon boʻlishini taʼminlaydi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |