Lateks (lotincha latex — suyuqlik, shira) — oʻsimliklarning sut-shirasi. Sut naylaridagi suyuklik. Tiniq, sutsimon oq, sargʻish-qoʻngʻir, sariq yoki toʻq sariq boʻlishi mumkin. Murakkabguldoshlar, tutdoshlar, sutlamadoshlar va boshqalarda lateks kup. Lateksda uglevodlar, oqsillar, glikozidlar, tuzlar, efir moylari va boshqa moddalar erigan yoki suspenziyalangan holda boʻladi. Smolalar, gutta, kauchuk, guttaperchali daraxtlar, kauchukli oʻsimliklar lateksining asosiy komponentlaridir. Lateksning tarkibi daraxt yoshi, iqlim sharoiti va yil fasliga bogʻliq. Lateksda kauchuk manfiy zaryadlangan sharsimon, baʼzan noksimon donalar (globulalar) shaklida boʻladi. Ularning kattaligi 0,1—6 mk. Yangi olingan lateks ishqoriy xususiyatga ega; turib qolsa yoki unga kislota va tuzlar qoʻshilsa, koagulyasiyalanadi. Buning oldini olish uchun lateksga 0,50—0,75% ammiak qoʻshiladi. Tarkibidagi kauchuk miqdorini oshirish uchun lateks sentrifugalanib, quyultiriladi. Shunda kauchuk miqdori 60—75% ga yetadi. Sintetik lateks sunʼiy kauchuk dispersiyasi (qismi)ning suvda emulsion polimerlanishidan hosil boʻladi. Sintetik lateksda ham kauchuk globulalar shaklida, lekin ular 0,1 mk dan kichik boʻladi. Tabiiy lateksdan tabiiy kauchuk, sintetik lateksdan sintetik kauchuk olinadi (yana qarang Kauchuk).[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil