Lavandak qabristoni — qadimgi qabriston (miloddan avvalgi 2-asrning 2-yarmi — milodiy 1-asr). Buxoro viloyatining Lavandak qishlogʻi yaqinidan topilgani uchun nomi shunday atalgan. Bu yerda 130 mozorqoʻrgʻon bor. Mozorqoʻrgʻonlar Oʻrta Osiyoning shimolidagi dashtdan kelgan sarmatlarga mansub. Tuzilishi 2 xil: zinapoya bilan tushiladigan lahad va yon tomondan oʻngursimon qilib kavlangan qabr. Lavandak qabristonida mayyitlar chalqanchasiga, boshi janubga qaratilgan holda bukchaytirib, tizzalari kerib koʻmilgan; juft-juft koʻmilganlar ham uchraydi. Lavandak qabristonidan yogʻoch qinli dudama qilich, yarim oy tamgʻali va tamgʻasiz dudama xanjar, uch parrakli temir paykonlar va oʻroqsimon pichoqlar topilgan. Qabrdan hayvon suyagi, koʻzacha, kosa, qadah, oltin rangli shisha munchoq va yarqiroq toshlar, zirak, ayol yuzi tasvirlangan oltin qoplama, jezoyna, uzuk, kiyim parchalari chiqqan[1].

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil