Litsenziya

qonuniy ruxsat, taqiqdan istisno

Litsenziya (lotincha: „licentia“ — ruxsatnoma, huquq) — 1) vakolatli davlat organlari tashqi savdo harakatlarini olib borish uchun beradigan ruxsatnoma. Eksport va importni, valyuta sarflarini nazorat qilish usullaridan biri. Odatda, bir yilga beriladi, texnikaviy, iqtisodiy, ilmiy yangiliklar egasining ularni ishlatish uchun shartnoma asosida beradigan ruxsati. Odatda, litsenziya patent olingan yoki patent olish uchun talabnoma berilgan ixtirolarga nisbatan qoʻllanadi. Ammo ixtirolarga, texnika yangiliklariga, ishlab chiqarish tajribasi, ishlab chiqarish sirlari, tijorat axborotlari uchun patentsiz ham berilishi mumkin. Litsenziya beruvchi litsenziar, litsenziya oluvchi litsenziat deb yuritiladi. Yangi texnika va texnologiyaga oid litsenziya 3 xil boʻladi: oddiy litsenziya — litsenziar ixtirodan shartnomada belgilangan doirada foydalanish huquqiga ega boʻladi, ayni bir litsenziyani maʼlum hudud doirasida faqat bir emas, balki bir necha litsenziatga bera oladi; maxsus litsenziya — litsenziat ixtiro, texnika yoki texnologiyani ishlatishga tanho huqukli boʻladi, litsenziar esa uni shu hududda koʻllay olmaydi va oʻz nomidan boshqalarga sota olmaydi; toʻliq litsenziya — bunda litsenziya obʼyektini ishlatish toʻla-toʻkis litsenziatlar qoʻliga beriladi, litsenziar esa undan mustaqil foydalana olmaydi. Bunday qoida litsenziya berilgan muddat ichida amal qiladi. Litsenziya muayyan narxda sotiladi.

Litsenziya haqi shartnoma muddati davomida litsenziya boʻyicha ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishdan olingan mukofot shaklida toʻlanadi (royalti). Bir necha bor toʻlangan royalti yigʻindisi litsenziya narxini tashkil etadi. litsenziya xaqi uni qoʻllab, iqtisodiy samara olishdan ilgari, bir yoʻla toʻlansa paushal toʻlovi deb yuritiladi. Litsenziya narxi litsenziyani qoʻllashdan olinadigan qoʻshimcha foyda bilan birga litsenziya bozoridagi talab va taklifga ham bogʻliq. Litsenziya narxining past boʻlishi texnik-texnologik yangiliklarni ommalashtirish sharti hisoblanadi.

Shuningdek, litsenziyaning vakolatli davlat organlari beradigan savdo, hayvonlarni ovlash, muayyan faoliyat bilan shugʻullanish, bank harakatlarini olib borish va boshqa koʻrinishlari uchraydi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil