Lyudvig Andreas Feuerbach (1804.28.7, Landsxut, Bavariya — 1872.13.9, Rexenberg, Nyurnberg yaqinida) — nemis faylasufi. Dastlab Gegelnij izdoshi, keyin (1839) uning falsafasini tanqid qilgan. "Oʻlim va mangulik toʻgʻrisidagi fikrlar" degan imzosiz kitobini chop etgan va unda ruhning oʻlmasligi gʻoyasini rad qilgan. Buning uchun Erlangen universitetidagi muallimlik ishidan chetlashtirilgan. Shunga qaramay ilmiy faoliyatini davom ettirgan. Hayotining soʻnggi yillarida ijtimoiy va iqtisodiy masalalarga katta qiziqish bilan qaragan, 1870-yil esa sotsialdemokratik partiyaga aʼzo boʻlgan.

Feuerbach falsafasining markazida biologik mavjudot, abstrakt individ sifatida talqin etiladigan inson turadi. Dinni insonning tabiat va jamiyat stixiyali kuchlari oldida ojizligi tufayli kelib chiqqan deb tushuntiradi. U axloq prinsiplarini insonga azaldan xos boʻlgan baxtga intilishdan keltirib chiqaradi. Uning fikricha, har bir kishi oʻz ehtiyojlarini oqilona cheklab, boshqa kishilarga mexrmuhabbat bilan karagandagina baxtga erishishi mumkin. Asosiy asarlari: "Gegel falsafasining tanqidiga doir" (1839), "Xristianlikning mohiyati" (1841), "Kelajak falsafasining asoslari" (1843), "Dinning mohiyati" (1851) va boshqa