Lukian (Lukianos) (taxminan 120, Suriya — 180, Misr) — qadimgi yunon hajviyanavis yozuvchisi. Oʻzining eng yaxshi asarlarini 165—180 yillarda Afinada yozgan. 80 ga yaqin asari hozirgacha yetib kelgan. Asarlari ravon, tushunarli, ommabop tilda yozilgan hajviy dialog janrida boʻlib, L. ularda afsonaviy voqeahodisalar misolida quldorlik tuzumi illatlari, xurofot va bidʼat ustidan kuladi. Shuning uchun ham uning nomi antik dunyoda koʻp tilga olinmagan. "Ziyofat", "Xutsolar suhbati", "Menipp", "Germotim", "Prometey yoki Kavkaz" va boshqa hajviy dialoglari, "Oyga sayyohat" fantastik asari, "Tarixni qanday yozish toʻgʻrisida" risolasi mashhur. L. ijodining Vizantiya hajvchilari, keyinchalik Uygʻonish va Maʼrifatparvarlik davri namo-yandalari ijodiga, umuman Gʻarbiy Yevropa adabiyotiga taʼsiri kuchli boʻlgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil