Madrigal (lot. matricale — ona tilida aytiladigan qoʻshiq) — Uygʻonish davrida dunyoviy vokal musiqaning asosiy janri. Italiya (14-asr) da sheʼriy asar sifatida paydo boʻlgan. 14— 16-asrlarda M., odatda, ishqiy, hazil-mutoyiba, afsonaviy va boshqa mavzudagi 2—3 ovozli vokal-cholgʻu, bandnaqorat shaklidagi qoʻshiq boʻlib (F. Landino va boshqalar), 16-asrdan koʻproq lirik harakterdagi cholgʻular joʻrligisiz ijro etiladigan 4—5 ovozli polifonik musiqa asariga aylangan (A. Villart, Palestrina, O. Lasso va boshqalar). Keyinchalik Angliya (T. Morli, J. Uilbi) va Germaniya (G. Shyus va boshqalar)da ommalashgan. Yetuk namunalariga (K. Jezualdo, K. Monteverdi) hissiy-ifoda erkinligi, boy musiqiytasviriy vositalar, xilma-xil ohanglar yorqinligi xosdir. 17-asr dan boshlab, M., asosan, ayollarga bagʻishlangan kichik maqtovsheʼriy asar. 1964-yil Moskvada "M." ansambli tashkil etilgan (Oʻzbekistonda ham gastrolda boʻlgan), Buyuk Britaniyada "M. jamiyati" tuzilgan. 20-asrda I. Stravinskiy, B. Martinu, P. Xindemit va boshqa kompozitorlarning asarlarida M. anʼanalari tiklangan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil