Maduray, Madura — Hindistonning jan. qismidagi shahar. Vaygay da-ryosi boʻyida, Tamilnad shtatida. Aholisi 1,2 mln. kishi (2001). Temir yoʻl tuguni. Mamlakatning muhim savdo va yirik toʻqimachilik (ip gazlama, ipak gazlama) sanoati markazlaridan. Hunarmandchilikda qoʻlda gazlama toʻqiladi, jez buyumlari yasaladi. Qadimdan yogʻoch oʻymakorligi bilan mashhur.

M. — qad. shahar. 2-asrdan Hindiston janubidagi turli davlat va sultonliklarning poytaxti boʻlib kelgan. Oʻrta asrlarda M.da savdo-sotiq ishlari, hunarmandchilik juda rivojlangan, koʻplab meʼmoriy inshootlar qurilgan. Shahar 17—18-asrlarda iklisodiy inqirozga uchragan va harob ahvolga kelgan. 20-asrdan M. yana rivojlana boshladi. Meʼmoriy yodgorliklaridan Shiva ibodatxonasining ulkan majmuasi (12— 17-asrlar) bor. Uning "Ming ustunli zal"i, qalʼa devorlari, minoralari, "Oltin nilufar hovuzi" va boshqa qismlari hamda Tirumanalanayka saroyi (17-asr) saqlangan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil