Magnetokimyo — fizik kimyoning boʻlimi. Moddalarning kimyoviy tuzilishi va magnit xossalari orasidagi oʻzaro munosabatni, shuningdek, magnit maydonining kimyoviy birikmalarning reaksiyaga kirishish qobiliyatiga taʼsirini oʻrganadi. M. moddalarning tuzilishi, kimyoviy bogʻlanish harakteri, birikma, assotsiatsiya va polimerlangan molekulalarda elementlarning valent holatlari, jismning magnit singdiruvchanligi yoki magnitlanishi, buning temperatura va maydonning kuchlanganligiga qarab oʻzgarishi va boshqalarni tekshiradi. Atomlar, ionlar va molekulalarning magnit momentini M. yordami bilan bilish mumkin. Atomlarning magnit momenti atom xossalarining davriyligini koʻrsatadi. Maʼlum birikmaning kimyoviy toʻyinganligi qancha yuqori boʻlsa, magnit momenti (bir xil sharoitda) shuncha kam boʻladi. Erkin radikallar va erkin valentliklarni magnit momenti asosida aniqlash mumkin. Kimyoviy birikmalarning tuzilishini aniqlashda, moddalarning tuzilishi va tarkibini, kimyoviy reaksiyalar borishini hamda hosil boʻlgan modda sifatini tekshirishda M. usullari muhim ahamiyatga ega. Kimyoviy muvozanat, kimyoviy reaksiyalar kinetikasi va mexanizmiga magnit maydonining taʼsiriga oid tadqiqotlar M.ning istiqbolli yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Molekulalarning kimyoviy tuzilishi va magnit xossalari orasidagi bogʻlanishni aniqlashga yoʻnaltirilgan magnit rezonans (EPR, YAMR va boshqalar) tadqiqotlari M.ga suyanadi.

Adabiyot tahrir

  • Karlin R., Magnetoximiya, per. s angl., M., 1989.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil