Majburiy tebranish - oʻzgaruvchan tashqi kuch taʼsirida tebranuvchi sistemada davriy qonun boʻyicha sodir boʻladigan tebranish. Koʻpincha, sistemaning Majburiy tebranishi boshqa biror majburiy tebranuvchi sistema mavjudligi bilan bogʻliq. Masalan, mikrofon diafragmasining Majburiy tebranishi tovush manbaining tebranishiga bogʻliq. Sistema majburiy tebranuvchi sistemadan uzatilgan energiya hisobiga majburan tebranadi. Koʻpincha, Majburiy tebranishdagi sistema olgan energiyasining koʻp qismini majburiy tebratuvchi sistemaga oʻtkazmaydi yoki oʻtkazsa ham majburiy tebratuvchi sistema energiyasiga nisbatan kam boʻladi. Bunday hollarda majburiy tebratuvchi sistema Majburiy tebranishdagi sistemaga davriy kuch bilan taʼsir etadi, deb olinadi. Agar sistema chiziqdi tebransa, uning Majburiy tebranish chastotasi shu davriy kuch chastotasiga teng boʻladi. Majburiy tebratuvchi davriy kuch chastotasi bilan sistema erkin tebranishi chastotasi teng boʻlsa, sistemada rezonans hodisasi kuzatiladi.

Majburiy tebranish qonuniyatlaridan tebranuvchi sistemalarni hisoblashda keng foydalaniladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil