Makkajoʻxori kasalliklari — zamburugʻ, bakteriya va viruslar vujudga keltiradigan kasalliklar. 70 dan ortiq turi maʼlum. Koʻp tarqalganlari:urugʻ va maysalarning mogʻorlashi. Uni Penicillium va boshqa zamburugʻlar paydo qiladi. Kasallangan urugʻ sirtida koʻkimtir, kulrang yoki boshqa tusdagi gʻubor boʻladi, bunday urugʻ unib chiqmaydi. Urugʻ kamroq kasallangan boʻlsa, ekkanda maysa chiqadi, lekin yer osti qismi zararlangan boʻladi, 4—5 barg chiqarguncha oʻsib, keyin oʻsishdan toʻxtaydi; Pufaksimon qorakuya. Ustilago zeae Unger. zamburugʻi tugʻdiradi. Zamburugʻ havo orqali yuqib, makkajoʻxori soʻtasi, popugi, poyasi, bargi va baʼzan ildizi boʻgʻzini zararlaydi. Kasallangan organlarda oqimtir dogʻ hosil boʻlib, turli kattalikdagi pufakka aylanadi. Oʻsimlikyaxshi rivojlanmaydi. Chzngsimon qorakuya. Sorosporium Reilianum Me. Alp. zamburugʻi tugʻdiradi. Zamburugʻ oʻsimlik poyasi oʻsib, gullash davrida soʻtasi va popugini zararlaydi. Kasallangan soʻtada shish paydo boʻlib, bu shish oldin oq yoki pushti parda bilan qoplanadi, ichi esa toʻq jigarrang va qora chang massaga aylanadi. Oʻsimlik oʻsishdan toʻxtaydi, shoxlab ketadi, barglari kengayadi, hosil tugmaydi. Gelmintosporioz. Helmintosporium turcicum Pass, zamburugʻi tugʻdiradi. Barg, barg qoʻltigʻi, don qobigʻi, baʼzan soʻtalar zararlanadi. Kasallangan organlarda jigarrang hoshiyali malla, yirik, choʻziq dogʻlar hosil boʻladi. Ular bir-biri bilan qoʻshilib, yiriklashadi, kasallangan toʻqimalar quriydi, koʻk poya va don hosili kamayibketadi. Bakterial soʻlish. Bacterium Stewarti zamburugʻi tugʻdiradi. Oʻsimlikning pastki barglarida och yashil chiziq dogʻlar hosil boʻlib, dogʻlar keyinchalik sargʻayadi, asta-sekin butun barg boʻylab uzun yoʻllar hosil boʻladi, soʻngra barglardan poyalarga va yuqorigi barglarga oʻtadi, oʻsimlik soʻliydi. Soʻta bakteriozi. Bacillus mesentericus vulgarus Fluggl. bakteriyasi tugʻdiradi. Zararlangan donlarda, ayniqsa, soʻtaning yuqori qismida dumaloq, yarasimon dogʻ paydo boʻladi.

Kurash choralari: almashlab ekish; oʻsimlik qoldiqlarini yoʻqotish; yerni kuzda shudgorlash, urugʻni ekishgacha dorilash, urugʻlikni sogʻlom oʻsimliklardan tayyorlash, kasallikka chidamli navlarni ekish, zararkunanda, hasharotlarga qarshi vaqtida kurashish va boshqa[1].

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil