Mamluklar davlati — Misrda (1250—1517) va Suriyada (1516-yilgacha) oʻrta asrlarda mamluklar sulolasi boshqargan davlat. 1250-yil mamluk harbiy boshliqlari ayyubiylarni taxtdan agʻdarib hokimiyatni qoʻlga kiritgan. Mamluklarning 2 sulolasi maʼlum: Bahriylar (asosan, turkiy qavmlardan boʻlib 1250—1390-yillarda hukmronlik qilgan) va Burjiylar (asosan, kavkazliklar 1390—1517-yillarda hukmronlik qilgan). Mamluklar (ularning soni 9— 12 mingga yetgan) 24 ta bey qoʻmondonligi ostida xizmat qilishgan. Ushbu beylar yirik mulkdorlar boʻlib, eng yaxshi yerlar, davlatning hunarmandchilik korxonalari, bojxonalardan keladigan daromadlar va boshqa ga egalik qilganlar. Mamluklar davrida, 13—14-asrlarda davlat boshqaruvi tizimi isloh qilingan, sunʼiy sugʻorish tizimi yaxshilangan, madaniyatning yuksalishi kuzatilgan. Mamluklar ilgari davrlarda shakllangan harbiylen tizimini saqlab qolganlar.

13-asrda mamluklar qushini moʻgʻullarni tormor etadilar (1260-yil 3-sentabrdagi Ayn-Jolut jangi), salibchilarni Falastin va Suriyadan siqib chiqarganlar (1268), ismoiliilar — hashshoshiylarni tormor keltirganlar (1273). Mamluklar davlatining eng yirik sultonlari: Oybek (1250-57), Beybars I (1260-77), Qalovun (1279—90), Barsbey (1422—38), Gʻuriy (1501 — 16). 1516—17 yillarda turk sultoni Salim I qoʻshinlari Suriya, Misr va Falastinni bosib olib, Mamluklar davlatini tugatgan. Turklar bosqinidan keyin Misrdagi yerlarning bir qismimamluk zodagonlariga qoldirilgan, buni evaziga ular Qohiradagi turk poshosiga oʻlpon toʻlashlari lozim boʻlgan. 17-asr oxiridan Usmonli turk imperiyashning zaiflashuvi oqibatida mamluklar amalda oʻz hukmronliklarini tiklashgan. Faqat Misr poshosi Muhammad Ali (1805—48 yillarda hokimlik qilgan) davridagina mamluklardan yerlar tortib olingan, 1811-yil esa mamluk beylari yoppasiga qirib tashlangan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil