Bosh menuni ochish

Manufaktura — bu mehnat taqsimotiga asoslangan, lekin mashina hali mavjud boʻlmagan sharoitdagi kooperatsiyadir. Manufaktura davrida ishlab chiqarishning umumlashuv jarayoni davom etadi. Yalpi ishchi kuchi tarkib topadi, har bir ayrim xodim esa yalpi ishchi kuchining tarkibiy qismiga aylanadi. Bunda oddiy kooperatsiyadagidek qoʻl mehnatiga va qoʻl mehnatiga asoslangan qurolga tayanadi.

Manufaktura (lot. manus — qoʻl, factura — tayyorlash) — mehnat taqsimoti va qoʻl hunari texnikasiga asoslangan korxona. Sanoat taraqqiyotining oddiy kooperatsiyadan keyingi, 2-bosqichi. M. Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida 16-asrning oʻrtalarida vujudga kelib, 18-asrning oxirgi choragigacha davom etdi. Angliyada (16—18-asrlar) dastlab toʻqimachilik sanoatida, qogʻoz va shisha ishlab chiqarish sohalarida rivoj topdi. 17-asr ning 2-yarmidan boshlab 19-asr ning 1-yarmiga qadar Rossiyada mavjud boʻlgan.

Oʻzbekistonda 19-asrning 2-yarmi va 20-asrning boshida M. f-kaning yordamchi boʻlimi sifatida hamma sohada bor edi va bu narsa katta ahamiyatga ega boʻlgan.

Ishchi va mehnat qurollarining tor ixtisoslashuvi tufayli M. ijtimoiy mehnat unumdorligini oshirdi. Lekin u ichki va tashqi bozorning tovarlarga boʻlgan talabini qondira olmas edi. M. tarixan ijobiy harakterga ega boʻldi, ijtimoiy mehnat taqsimotining kuchayishiga yordam berdi, yirik mashinalashgan ishlab chiqarishga oʻtishga zamin yaratdi.[1]

Manufaktura ixtisoslashtirilgan qurol va asboblar vujudga keltirib hamda ishchini tor operatsiyalarni bajarishga bogʻlab, yirik mashinalashgan ishlab chiqarishga oʻtish uchun zarur shart-sharoit tayyorlaydi. Bu davrda ishlab chiqarishni tashkil etish, mehnatning mazmuni va tavsifida, ishlab chiqarishning butun texnologik usulida, iqtisodiy munosabatlarda va butun ijtimoiy hayotda ham tub oʻzgarishlar roʻy beradi. XVIII asrning soʻnggi 30-yili ichida boshlangan sanoat revolyutsiyasi natijasida yirik mashinalashgan ishlab chiqarish vujudga keldi.

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil