Maqlubi mustaviy — misra yoki bayt tarkibidagi ibora yoki jumlalarning tes­kari oʻqilganda ham maʼno anglatishiga asoslangan badiiy sanʼat, arabchadan olingan boʻlib, „teng qilib agʻdarilgan“ maʼnosini bildiradi. Bunda shoir biror jumla yoki iborani har ikkala tomon — oʻngdan ham, soʻldan ham oʻqiy oladigan qilib tuzishi nazarda tutiladi[1].

Tarixi

tahrir

Maqlubi mustaviy haqidagi dastlabki maʼlumot Umar Roduyoniyning "Tarjumon ul-balogʻa" (11-asr) asarida keltirilgan boʻlib, muallif ushbu sanʼatni qalb yoki maqlub sanʼatining koʻrinishlaridan biri sifatida keltiradi va uning ikki turini sanab oʻtadi:

1) teskari oʻqilganda vazn va maʼno saqlanib qoladigan maqlubi mustaviy;

2) vazn va maʼno oʻzgarishga uchraydigan maqlubi mustaviy[2].

Maqlubi mustaviy haqidagi nisbatan mukammal maʼlumotlar Atoulloh Husayniyning "Bado­eʼ us-sanoyeʼ" asarida uchraydi[3]. Muallif oʻz asarining lafziy sanʼatlarga ajratilgan qismida maqlub sanʼatining toʻrt koʻrinishidan biri sifatida Maqlubi mustaviyni keltirib oʻtadi va ushbu sanʼatning 6 darajasini sanab oʻtadi.

Maqlubi mustaviy haqidagi maʼlumotlar turkiy sheʼrshunoslikka doir ilk manba Shayx Ahmad Taroziyning "Funun ul-balogʻa" (1436-37) asarida ham uchraydi. Asarda mazkur sanʼatga quyidagicha taʼrif berilgan:

"Bu aningtek boʻlurkim, bir misraʼni tamom taqlib qilsalar, yana bir misraʼ qoʻpor. Hamul misra boʻlur[4]". Bunda Shayx Ahmad Taroziy Maqlubi mustaviy sanʼati ostida mis­rani toʻlaligicha teskari holda oʻqishni va shu orqali yangi misra hosil boʻlishini nazarda tutgan.

Alisher Navoiy ijodida

tahrir

Alisher Navoiy asarlarida Maqlubi mustaviy nazariy jihatdan asoslangan boʻlib, Navoiy "Majolis un-nafois"da shoirlar mahoratiga baho berishda unga toʻxtalib oʻtadi. Xususan, Atoulloh Husayniyga ajratilgan faslda shoirning bir baytini tahlil qilar ekan, uning mahoratini aniqlash uchun ushbu sanʼat qoʻllangan bayt kifoya qilishini aytadi:

"Bovujudi ixtisor maqlubi mustaviy sanʼatidakim, andin mushkulroq sanʼat boʻlmas, bu bayt ul risolada aning xossa baytidurkim:

Shakkar dahano gʻame nadoriy,

Dayr o daniyi mugʻona darkash.

Aning tabʼi diqqatigʻa bu bayt dalili basdur[5]"

Shuningdek, „Majolis un-nafois“da Mavlono Shihob nomli ijodkorga baho berar ekan, uning har ikki misrasida Maqlubi mustaviy sanʼati vujudga keluvchi baytini keltiradi:

Mushi xari farrux shavam, Darki raqam qar kard.

Bunda har bir misra alohida teskari holda oʻqilganda, yana oʻsha misra hosil boʻladi. Lekin baytda shaklga eʼtibor kuchayib ketib, maʼnoga putur yetgan. Birinchi misra „Farrux eshagining sichqoni boʻlay“ degan mazmunni bildirgani holda ikkinchi misradan maʼno anglashilmaydi.

Alisher Navoiy „Xamsa“si tarkibiga kiruvchi dostonlar sarlavhalarida ham Maqlubi mustaviy sanʼati qoʻllanilganligini kuzatish mumkin. Xususan, „Hayrat ul-abror“ dosto­nining beshinchi maqolati quyidagicha sarlavhalangan:

"Karam vasfidakim, qalbi diram margi durur, balki rahmat shajarasining bargi va buxlkim, saxo qalbidin xoli boʻlsa, nihoyatsiz balo boʻlur va bazl surati koʻrguzmasa, muruvatdin hadsiz xalo va isrof nafyikim, har yonidin boqsa ofati behad erur va itlof mazammatikim, koʻproq harfi lofdin xabar berur[6]".

Bunda „diram margi“ (pulning oʻlimi) jumlasi teskari oʻqilsa, „karam mardi“ (saxovatli mard) soʻzlari paydo boʻladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat. 
  2. Umar Roduyoniy. Tarjumon ul-balogʻa. 
  3. Atoulloh Husayniy. Bado­eʼ us-sanoyeʼ. 
  4. Ahmad Taroziy. Funun ul-balogʻa. 
  5. Alisher Navoiy. Majolis un-nafois. 
  6. Alisher Navoiy. Hayrat ul-abror.