Maqom (arab tilidan olingan bo'lib — joy makon oʻrin ma'nolarin anglatadi) — musulmon Sharqi musiqasida asosiy tushunchalardan biri. Dastlab muayyan balandlikdagi tovushni hosil etish uchun torli cholgʻuning dastasida barmoq bilan bosiladigan joy, parda maʼnosida ishlatilgan. Keyinchalik Sharq musiqa nazariyasi rivojlanishi jarayonida M.ning mazmun doirasi tobora kengayib, bir-biriga nisbatan bogʻliq boshqa maʼnolarni ham anglata boshladi: lad tuzilmasi, lad tizimi; muayyan pardalar zaminida vujudga kelgan kuy-ohanglar; shakl, janr; bir qismli yoki turkumli cholgʻu va ashula yoʻllari; musiqiy uslub va boshqa M.larga oid nazariy va musiqiyestetik masalalar Abu Yusuf Yoqub ibn Ishoq al-Kindiy va Forobiy (9—10-asr), Ibn Sino va Ibn Zayla (11-asr), Safiuddin al-Urmaviy (13-asr), Mah-mud ashSheroziy va Abdulqodir Marogʻiy (14-asr), Jomiy va Zaynulobiddin Husayniy (15-asr), Najmiddin Kavkabiy Buxoriy (16-asr), Darvishali Changiy (17-asr) va boshqa olimlarning musiqiy risolalarida tadqiq etilgan. Yaqin va Oʻrta Sharq mumtoz musiqa nazariyasida 13-asrga qadar M.lar soni aniq belgilanmagan. Safiuddin al-Urmaviy M. nomlaridagi parda tuzilmalarini ilmiy tasniflab, Oʻn ikki maqom tizimini ishlab chiqqan. Ushbu tizim birmuncha takomillashtirilgan holda qariyb 17-asrga qadar qoʻllanib kelingan. Oʻn ikki maqom negizida keyinchalik har xil milliy hamda mintaqaviy M. turlari va turkumlari vujudga keldi. Bular oʻzbek va tojiklarda M. deyilsa, turkman va uygʻurlarda muqom, eron xalqlari, ozarbayjon va armanlarda murom yoki dastgoh, turklarda makam, arab xalqlarida maqam shaklida talaffuz qilinadi. Xalqchil, milliymahalliy anʼanalar taʼsiri ostida M.larning musiqiy va ijroviy xususiyatlari yangi hislatlar bilan boyigan holda umumiy soni, nomlanishi, tartibi hamda tuzilishida muayyan mushtaraklik va tafovutlar mavjud.

Hozirgi kunda M.lar oʻz salmogʻi va maz-muni bilan koʻpgina musulmon Sharq xa-lqlari musiqa merosining asosiy kismini tashkil etadi. Ular shaklan va usluban rangbarang ohangdor kuy va ashula yoʻllaridan iborat. Xususan, oʻzbek mumtoz musiqasida Buxoro Shashmaqomi, Xorazm maqomlari, Fargʻona — Toshkent maqom yoʻllari, shuningdek, yovvoyi M., surnay, dutor M. yoʻllari yuzaga kelgan. Milliy musiqa merosining salmoqli qismini tashkil etgan M. nomidagi cholgʻu va aytim musiqa asarlari oʻtmish bastakorlik ijodiyotining mumtoz mahsuli boʻlib, asrlar davomida ogʻzaki anʼanada sayqal topib bizgacha yetib kelgan.

20-asr boshlaridan shu kunga qadar oʻzbek bastakorlari va komggozitorlari M.lardan unumli foydalanib kelmoqdalar. M. negizi va uslubida bastalangan Hoji Abdulaziz, Sodirxon hofiz, Yu. Rajabiy, F. Sodiqov, K. Jabborov, S. Kalonov, O. Hotamov, F. Mamadaliyev va boshqalarning kuy va ashulalari, V. Uspenskiyning "Farhod va Shirin" musiqali dramasi, R. Glier va T. Sodiqovlarning "Layli va Maj-nun", M. Ashrafiyning "Dilorom" operalari, M. Burhonovning "Alisher Navoiyga qasida"si, M. Mahmudovning "Navo", M. Tojiyevning 3,9 va 11sim-foniyalari, shuningdek, poema, syuita, oratoriya, kantata, xor kabi janrlarni ijodiy oʻzlashtirishda oʻzbek M.i qonuniyatlari hamda oʻziga xos ifoda vositalari muhim omil boʻlib xizmat qildi. Koʻhna M. sanʼati oʻzining barkamol badiiy-estetik ahami-yatini tiklab, zamonaviy musiqiy jarayonning ajralmas tarkibiy qismi sifatida oʻzining beqiyos ijodiy, ijroviy va ilmiy salohiyatini namoyon etmoqda. Xususan, M. ijrochilarining respublika tanlovlari 1983-yildan eʼti-boran har 4 yilda muntazam oʻtkazib kelinmoqda. M. masalalariga bagʻishlangan koʻplab ilmiy-ijodiy konferen-siyalar ("Rajabiyxonlik", 1993, 1996, 1999), seminarlar, xalqaro musiqashu-noslik simpoziumlari (Samarqand, 1978, 1983, 1987, 2001; Berlin 1988, Finlandiya 1996, Istanbul 1999) oʻtkazilmoqda. M.larning ilmiynazariy hamda amaliy asoslari mamlakatning boshlangʻich, oʻrta maxsus, oliy musika va sanʼat taʼlimi muassasalarida oʻqitilib, malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. 1987-yildan YUNESKO huzuridagi Anʼanaviy musiqa boʻyicha xalqaro uyushma (IFMC) qoshidagi "Maqam" ilmiy guruhi faoliyat koʻrsatmoqda.

Ad.h Rajabov I., Maqomlar masalasiga doyr, T., 1963; Ibrohimo v O., Maqom va makon, T., 1996.

Ravshan Yunusov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil