Maria Adeodata Pisani
Maria Adeodata Pisani (1806-yil 29-dekabr – 1855-yil 25-fevral) – Maltalik katolik rohibasi, benediktian tariqati targʻibotchisi.
Maria Adeodata Pisani | |
---|---|
Maria Pisanining portreti | |
Tavalludi |
Maria Teresa Pisani 29-dekabr 1806-yil Neapol, Neapol Qirolligi (zamonaviy Italiya) |
Vafoti |
25-fevral 1855-yil (48 yoshda) Mdina, Malta |
Kasbi | ruhoniy |
Papa John Paul II 2001-yil 9-mayda Maria Pisanini ulugʻlab ilohiylashtirgan. Bir qator yepiskoplar, u duch kelgan jiddiy qiyinchiliklarni taʼkidlab, Maria Pisanining ota-onasi u bilan birga yashamaganligi sababli bolalaligi oʻta ogʻir oʻtganligi haqidagi pastoral maktubni nashr etishgan. U oʻz boyligidan voz kechgan va monastir rohibasi sifatida hayot kechirgan.
Hayoti
tahrirMaria Pisani baron Benedetto Pisani Mompalao Cuzkeri va Vincenza Carranoning yagona qizi, u 1806-yil 29-dekabrda Italiyaning Neapol shahrida tugʻilgan va Maria Teresa Pisani ismini olgan, hamda oʻsha kuni Pizzofalkondagi Avliyo Mark cherkovida choʻqintirilgan. Uning otasi Maltadagi eng qadimgi va eng boy baronlardan biri boʻlgan Frigenuin baroni unvoniga ega edi, onasi esa italiyalik boʻlgan[1].
Maria Pisanining otasi ichkilikka ruju qoʻygan va bu tez orada oilaviy muammolarni keltirib chiqargan. Shu sababli Maria Pisani hali kichkinaligida onasi uyini tark etmoqchi boʻlgan. Bolani parvarish qilishni shu yerda yashovchi qaynonasi Elizabet Mamo Mompalaoga topshirib, oʻzi Neapolga joʻnab ketgan. Mompalao munosib tarbiyachi edi, lekin nabirasi endigina oʻn yoshga toʻlganida vafot etadi. Buvisining oʻlimidan soʻng, Maria Pisanini Neapoldagi mashhur Istituto di Madama Prota internatiga yuborishadi, u yerda mahalliy aristokrat vakillarining qizlari taʼlim olar edi[1].
1821-yilda uning otasi Neapoldagi qoʻzgʻolonda qatnashadi va oʻlimga hukm qilinadi. U Britaniya fuqarosi boʻlgani sababli, uning jazosi yengillatiladi, hamda Neapol qiroli Ferdinand II uni Neapoldan haydab, Oʻrta Yer dengizidagi Malta oroliga surgun qilishga buyuradi. 1825-yilda Maria Pisani va uning onasi Maltaga kelib, Rabat shahriga joylashadilar[2].
Maltada Maria Pisani rohiba boʻlishga qaror qiladi, onasi esa uni turmushga chiqishga undaydi[2]. Sogʻligʻi bilan aloqador muammolardan azob chekayotganidan tashqari, Maria Pisanining yelkasi deformatsiyalangan boʻlib, bunga Neapolda buvisi bilan birga yashaganida uni kaltaklagan xizmatkorning qoʻlidan olgan jarohatlari sabab boʻlgan. Onasi unga munosib er topishga harakat qilgan boʻlsa-da, Maria Pisani tinch hayot kechirishni, cherkovga borishni va kambagʻallarga yordam berishni afzal koʻrib, bunday takliflarni doimo rad etib kelgan. Uni tanigan odamlar Marianing xudojoʻy xulq-atvori haqida gapira boshlashgan.
21 yoshga toʻlgach, u Sankt-Peter monastiridagi Benediktianlar jamoasiga qoʻshiladi va Maria Adeodata („Xudo tomonidan berilgan“) ismini oladi[2]. Ikki yildan keyin, u oʻzining yangi ruhoniylik kasbini tantanali ravishda egallaydi. Manastirda Maria Pisani tikuvchi, nazoratchi, hammol va yangi boshlovchilarga oʻqituvchilik vazifasini bajargan[3]. Maria Pisanining xayr-ehsoni boshqa rohibalarga va monastirdan tashqaridagi koʻplab odamlarga foyda keltirgan[4].
Maria Pisani turli xil asarlar yozgan, ulardan eng mashhuri Iso va Maryamni sevadigan qalbning sirli bogʻi asari boʻlib, bu kitob uning 1835–1843-yillardagi shaxsiy fikrlari toʻplamidir[4]. Ushbu asar „ruhoniy yozuvchisining mikro durdona asari“ deb taʼriflangan[5].
Maria Pisani 1851-yildan 1853-yilgacha abbess (bosh rohiba) lavozimida faoliyat olib borgan, ammo yuragi bilan bogʻliq muammolar tufayli oʻz vazifasini tark etishga majbur boʻlgan. U 1855-yil 25-fevralda, 48 yoshida vafot etgan va 26-fevral kuni Mdinadagi Benedikt monastirining qasriga dafn qilingan[6].
Maria Pisani oʻzining kamsuqumligi, kambagʻallarga boʻlgan muhabbati, oʻzini qurbon qilishi va diniy ekstazlari bilan esda qolgan[6].
Ilohiylashtirilishi
tahrirMaria Pisanining daʼvosi 1898-yil 29-aprelda rasman ochilib, unga Xudoning xizmatkori (Servent of God) unvoni berilgan[7]. Rim papasi John Paul II 2001-yil 9-mayda Maltaning Floriana shahrida[6][8] unga ilohiy unvon berilganini eʼlon qilgan, uni ilohiylashtirish uchun zarur boʻlgan moʻjiza sifatida 1897-yil 24-noyabrda Subiacodagi avliyo John baptist choʻqintirish monastirining bosh rohibasi Giuseppina Damiani bilan sodir boʻlgan voqea keltirilgan[9]. Maria Pisanining aralashuvi haqidagi iltimosiga binoan, rohiba toʻsatdan oshqozon shishidan tuzalib ketgan. Ilohiylashtirilganidan soʻng, Muborak Maria Pisanining ulkan portreti – Rodos arxiyepiskopi va Malta yepiskopi Pietro Pace tomonidan buyurtma qilingan moyli suratining asl nusxasi 1898-yilda keng ommaga namoyish qilinadi. Shuningdek, Pontiff Maria Pisanining vafot etgan kuni, 25-fevralni xotiralash kuni sifatida nishonlanishni eʼlon qilgan[8].
Bugungi kunda Mdinadagi Avliyo Pyotr monastirining orqa qismidagi bino muzey sifatida ochilgan. Monastirdagi Muborak Adeodata Pisanining xonalariga ham kirish imkoniyati mavjud.
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 „EWTN - Footsteps of St. Paul - EWTN News“. www.ewtn.com. Qaraldi: 2018-yil 18-iyun.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 Ltd, Allied Newspapers. „Blessed Adeodata Pisani“ (en-GB). Times of Malta. Qaraldi: 2018-yil 18-iyun.
- ↑ „Bł. Maria Adeodata Pisani - L'Osservatore Romano - Portal OPOKA“ (pl) (2001-yil 30-oktyabr). Qaraldi: 2018-yil 18-iyun.
- ↑ 4,0 4,1 „BLESSED MARIA ADEODATA PISANI“. CBCP News. 2014-yil 10-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 18-iyun.
- ↑ Serracino Inglott, Peter. Adeodata Pisani: A Mystical Nun in Mdina, ed. by Petra Caruana Dingli. Mdina: St Peter's Monastery, 2018. ISBN 978-99957-1-344-7.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 „BLESSED MARIA ADEODATA PISANI :: Catholic News Agency (CNA)“ (en). Catholic News Agency. 2017-yil 25-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 18-iyun.
- ↑ Index ac status causarum beatificationis servorum dei et canonizationis beatorum (Latin). Typis polyglottis vaticanis, January 1953 — 144-bet.
- ↑ 8,0 8,1 „Malta celebrates feast of San Ġorġ Preca, a day chosen by the Pope 15 years ago - TVM News“ (en-US). TVM English. Qaraldi: 2018-yil 18-iyun.
- ↑ „Maria Adeodata Pisani (1806-1855)“. www.vatican.va. Qaraldi: 2018-yil 18-iyun.