Maria Gaetana Agnesi — (16-may 1718-yil —— 9-yanvar 1799-yil)[1] Italiyalik matematik, faylasuf va filontrop. Universitetda matematika professori boʻlib saylangan birinchi ayol[2]

Maria Gaetana Agnesi
Tavalludi 16-may 1718-yil
Milan, Italiya
Vafoti 9-yanvar 1799-yil(1799-01-09)
(80 yoshda)
Milan, Italiya
Istiqomat joylari Italiya
Sohasi Matematika

Hayoti haqida qisqacha tahrir

Mariya Gaetana Anyezining tarjimai-holi haqida gap ketganda, hashamat va nasl-nasab bilan bogʻliq jumlalarda birmuncha holi, oddiy shahar ayoli timsoli namoyon boʻladi. U Milanda tugʻilib oʻsdi va butun umr oʻsha shaharning oʻzida yashab oʻtdi. Mariya Gaetana oʻziga tinch, lekin juda kamtarona hayot kechirgan. Uning qalamiga mansub ajoyib ilmiy asarlar haqida bilmagan odam uchun, Mariya Gaetana Anyezi ham boshqa oddiy Milanlik uy bekalaridan biri sifatida nomi yodda ham qolmagan boʻlardi balki. Lekin bu ayolning oʻtkir zehni va ajoyib matematik qobiliyati tufayli dunyoga kelgan asarlari, olima haqida asrlar osha bizgacha hikoya qilib kelmoqda.[3]

Oilasi tahrir

Maria Gaetana Agnesi Milanda badavlat va savodli oilada tugʻilgan. Maria Anyezining otasi Petro Anyezi — ipak tijorati bilan shugʻullanuvchi savdogar boʻlgan. Uning 21 nafar farzandi boʻlganligi haqidagi fakt keltirilsa, bu gap farzand koʻrishni istamaydigan yoki, 1 nafar bolaga arang koʻnadigan hozirgi Yevropa oilalari uchun ertakdek tuyuladi. Mariyaning 20 nafar uka va singillaridan faqat bir nechtasigina voyaga yetib yashab ketgan. Jamiyatdagi tibbiy va sanitar holat unchalik ham qoniqarli boʻlmagan oʻsha zamonlar uchun bu narsa oddiy hol sanalar edi. Qahramonimiz oilada toʻngʻich farzand boʻlgan. Ukalari va singillari bilan oʻynash, ularga enagalik qilish, boʻlajak olimaning yoshlik yillaridagi asosiy vazifasi edi. Milandagi Anyezilar yashagan mahalla bilan Bax oilasi istiqomat qilgan mahalla juda yaqin boʻlib, ushbu ikki oila oʻzaro juda oʻxshash edi: ularning har ikkalasi ham serfarzand oila boʻlib, har ikkala oilada musiqaga boʻlgan muhabbat kuchli boʻlgan. Mariyaning singillaridan biri — Tereza Anyezi keyinchalik Yevropada mashhur bastakor boʻlib yetishgan. Uning ijodi mahsuli sifatida yettita opera va koʻplab musiqiy pyesalari qayd etiladi. Tereza Anyezining portreti hozirda Milandagi La-Skala operasi shon-sharaf yoʻlagida osigʻliq turibdi. Va bu shunchaki emas. Tereza Anyezining musiqalarini oʻz vaqtida Motsart, Salyeri va Gaydnlar ham oʻta yuqori baholashgan.

 
Milandagi Maria Gaetana Agnesi byusti

Bolaligi tahrir

Marianing odatiy kun tartibi uka-singillari bilan shugʻullanishdan iborat boʻlgan. Otasining savdolari yurishib, oilada moddiy toʻqchilik boʻlgan yillarda ularning xonadoniga shaharning yirik savdogarlari, ziyolilari va amaldorlari tez-tez kelib turishgan. Petro Anyezi mehmonlar oldida oʻzining katta qizi Marianing zehnini namoyish qilish bilan maqtanishni yaxshi koʻrgan. Maria haqiqatan ham, bolaligidanoq maqtasa arziydigan, juda aqlli, xotirasi oʻtkir qiz boʻlgan. U 5 yoshida ona tilidan tashqari fransuz tilida ham erkin gaplasha olgan. Bundan tashqari lotin, yunon, yahudiy tillarini ham aʼlo darajada oʻzlashtirgan ekan. Maria Anyezi hammasi boʻlib 7 xil tilda bemalol gaplasha olganini tarixchilar qayd etishgan. Anyezilar xonadonida mehmon boʻlgan kishilar, ayniqsa shaharning ilgʻor fikrli ziyoli qatlami vakillari yosh qizchaning aqliy salohiyatidan hayratlarini yashira olmay qolishganini ham koʻp bora yodga olishgan. Haqiqatan ham, Mariya Anyezi bolalik va yoshlik yillaridayoq, istalgan odam bilan istalgan ilmiy mavzuda erkin va ravon bahs-munozara yurita oladigan, fikrini ochiq bayon qilishdan choʻchimaydigan, fikrlash doirasi juda keng qiz boʻlgan. 9 yoshida u lotin tilidagi matnlarni italyan va farang tillariga katta mahorat bilan tarjima qila olgan. Shuningdek u ayollarning taʼlim olishi masalalari haqida ham yirik ilmiy davralarda nutq soʻzlashni boshlagan (nutq matnini unga ustozlari tuzib berishgan). Albatta, shunday aqlli qizi bilan otaning faxrlanmasligi mumkin emas edi va shu sababli ham Petro Anyezi uni oʻzining bisotidagi eng nodir javohiri sifatida doim qadrlagan. Taʼkidlaganimizdek, u oʻz qizining salohiyatini eng katta oilaviy boylik sifatida, shaharning nufuzli davralarida koʻz-koʻz qilib maqtanib yurgan.

Jamiyatdagi qarashlar tahrir

Aytish joizki, XVIII-asrda Italiyada bu kabi holat koʻz koʻrib, quloq eshitmagan voqeʼlik sanalar edi. Uygʻonish davri vatanida ayollarning jamiyatdagi oʻrni juda past boʻlib, nafaqat ilm-fan, balki savdo, siyosat, sanʼat kabi sohalarda ham ayollar odatda hech qanday huquqqa ega boʻlmagan, ikkinchi darajali shaxslar sanalishgan. Italyan jamiyatida oʻrnashib qolgan eski aqida va tushunchalarga koʻra, ayol kishining bu hayotdagi yagona vazifasi — avlodlarni dunyoga keltirish va uy-roʻzgʻor ishlari bilan shugʻullanish deb qaralgan. Lekin aynan XVIII-asrning dastlabki choragidan boshlab, Italiyada ayollarning turli sohalarda oʻzini namoyon qilishi borasida ijobiy qadamlar koʻzga tashlana boshladi. Jamiyatda iqtidorli va ilmli ayollarga nisbatan hurmat va eʼtibor oʻsa boshladi. Boshqa, ilmiy taraqqiyot nisbatan orqada boʻlgan mamlakatlarda esa, ayollarning hatto xat-savod chiqarib, oʻqish va sanashni bilishi ham juda katta narsa boʻlgan. Hatto monastir bilan aloqador boʻlmagan, yaʼni, dunyoviy hayot kechiruvchi ayollarning oʻqishni va yozishni bilishi gunoh deb sanalgan hududlar ham boʻlgan. Chunki cherkov, oʻqishni va yozishni biladigan dindor boʻlmagan ayol jamiyatga xavf keltiradi degan mutaassib aqidaga yopishib olgan edi.

Falsafaga dastlabki qadamlar tahrir

Maria Gaetana uyatchan, kamsuqum va odamovi qiz boʻlgan. Shu sababli, uning shahar kiborlari davrasida, koʻpchilik qarshisida diqqat markazida boʻlishi koʻpincha oʻziga yoqmasdi. U shunday davrlarda qilgan chiqishlari va ularda oʻtkazilgan muhokamalar haqida umumlashtirilgan xulosalar sifatida 1738-yilda "Falsafiy qarashlar" nomli asar chop ettirgan. Unda muallif 171 ta tezisdan iborat oʻz falsafiy qarashlarini bayon qilgan. U xudojoʻy ota-ona qoʻlida tarbiya topgani bois, falsafiy qarashlarida ham diniy masalalarga asosiy urgʻu qaratiladi. Shunisi qiziqki, „Falsafiy qarashlar“ shunchaki muallifning diniy-falsafiy fikrlari majmuidan iborat boʻlib qolmay, balki unda qator tabiat hodisalari va fizik jarayonlar ham batafsil koʻrib chiqiladi. Xususan uning sahifalaridan dengizlarda suv koʻtarilishi, yorugʻlik hodisalari hamda, muayyan turdagi geometrik shakllarning xossalari haqidagi ajoyib ilmiy fikrlarni uchratishimiz mumkin. Maria Anyezi ushbu asarida Nyutonning koʻplab gʻoyalariga ham munosabat bildirib oʻtadi va asosan ularni qoʻllab-quvvatlaydi.

Onasining vafoti tahrir

Maria 20 yoshga toʻlgan yili onasi qazo qiladi. Petro Anyezi oʻsha yildayoq yana boshqa ayolga uylanadi. Petro hayoti davomida uch marta uylangan. Shu sababli ham uning farzandlari shunchalik koʻp boʻlgan. Uning ikkinchi marta uylanishi paytida voyaga yetib qolgan katta qizi Mariya qattiq xafa boʻladi va otasi bilan biroz kelisha olmay qoladi. Balki u marhuma onasining xotirasini hurmat qilishini talab qilgandir. Nima boʻlganda ham u baribir xonadonga oʻgay ona qadam bosishiga qarshilik qila olmadi. Lekin u otasi bilan jiddiy gaplashib oldi: endilikda Maria uka va singillariga shaxsan oʻzi gʻamxoʻrlik qiladigan boʻldi. Shuningdek u otasining shahar kiborlari uchun uyushtiradigan mehmondorchiliklarida qatnashmasligini maʼlum qildi. Otasi qizini monastir xizmatiga kirishini istagan edi. Lekin Maria Anyezi monastirga kirishdan ham bosh tortadi. Xayriyatki u ilm-fan, ayniqsa matematika bilan shugʻullanishdan voz kechib yubormagan.

Yoshlikdagi doʻstlik tahrir

Marianing iqtidori uning tengdoshlari orasida ham mashhur boʻlgan. Boʻlajak olimaning yaqin doʻstlari ichida Yakopo Franchesko Rikatti (1676-1754) alohida oʻrin tutgan. Yetuk matematik mutaxassis boʻlgan ushbu shaxs, differensial tenglamalar sohasida kuchli bilim egasi sanalgan. U oʻz izlanishlari va natijalari borasida Maria Anyezi bilan muttasil yozishmalar olib borgan. Maria „Italyan yoshlari uchun analiz asoslari“ (albatta bu oʻrinda matematik analiz nazarda tutilgan) nomli kitobini yozayotgan vaqtida, Rikatti unga differensial tenglamalarga oid koʻplab qoʻlyozmalarini begʻaraz taqdim qilganini taʼkidlab oʻtish joiz.[4]

Matematika olamida tahrir

 
"Italyan yoshlari uchun analiz asoslari" kitobining muqovasi

Uning qalamiga mansub yagona ilmiy asar aynan „Italyan yoshlari uchun analiz asoslari“ boʻlgan. Ushbu asar garchi muallifning yagona ilmiy merosi boʻlsa-da, lekin u hajman juda katta va mazmunan anchayin keng asardir. Bu asar kamtargina Maria Gaetanaga kutilmagan ulkan shon-shuhrat keltirdi. Kitob tugal holatga kelib, nashrdan chiqqach, uning muallifi butun Italiya va qoʻshni mamlakatlarda yetuk matematik olima sifatida katta shuhrat qozondi. Maria Gaetana Anyezi haqida Yevropaning eng nufuzli ilmiy doiralarida, hatto rasmiy saroylarda ham gapira boshlashdi. Asar Milan gersoginyasi, Avstriya ersgersogi, Vengriya, Xorvatiya, [[Bogemiya] oʻlkalari qirolichasi, xullas butun boshli Muqaddas Rim Imperiyasi Imperatritsasi Maria Tereziya Valburga Amaliya Kristinaga bagʻishlab chop etilgan boʻlib, kitobning ilk nusxalaridan biri imperatritsa eʼtiboriga havola etilgan. Imperatritsa oʻzi ham ziyoli hamda ilm-fanni doimiy qoʻllab quvvatlovchi davlat rahbari boʻlib, Mariya Anyezining kitobidan va uning iqtidoridan cheksiz hayratlangan ekan. Imperatritsa Mariya Gaetana Anyezini saroyga taklif etadi va uning ilm-fan oldidagi xizmatlari eʼtirofi sifatida, olimaga qopqogʻi qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan billur quticha hamda, olmos koʻzli tilla uzuk tuhfa qiladi. Shundan soʻng, koʻp oʻtmay olimaning dovrugʻi rim papasi Benedikt XIVning ham qulogʻiga yetib bordi. Italyan qizining yuksak aqliy salohiyati haqida xabar topgan Vatikan bosh rahnamosi, ayol kishining shunday katta ilmiy yutuqqa erishganligidan faxrlanib ketganini yashirmagan. Benedikt XIV-ning qaroriga koʻra, 1750-yilda Mariya Gaetana Anyezi Bolonya universitetining professori maqomiga erishgan (bu yillarda Bolonya papa viloyati tarkibida boʻlgan). Benedikt XIV olimaning asari bilan shaxsan tanishish istagini bildirganida unga „Italyan yoshlari uchun analiz asoslari“ning nusxalaridan birini keltirib berishadi. Papa undan behad qattiq taʼsirlanganini maʼlum qilgan ekan (balki u kitob mohiyatini tushunmagan ham boʻlsa kerak). Shunday nufuzli universitetning professori maqomigacha koʻtarilgan olima baribir oʻz tabiatiga xos kamtarlik bilan yashashda davom etar edi. Uni bir necha bora mazkur universitetda matematikadan dars berishga taklif qilishgan. Lekin Mariya har safar bunday taklifni rad etgan. Buning sababi esa juda oddiy — Mariya Anyezi hali ham kamsuqum, odamovi shaxs boʻlib, koʻpchilik oldida, katta auditoriyalarda maʼruza oʻqishdan tiyilishni maʼqul koʻrgan. Hatto Mariya Gaetana Anyezini Bolonya Fanlar Akademiyasiga aʼzolikka saylanganida ham uni oʻqituvchilik faoliyatiga koʻndirishning iloji boʻlmagan.

Otasining vafoti va buning ilmiy faoliyatga taʼsiri tahrir

Marianing otasi Petro Anyezi 1752-yilda vafot etadi. Bu voqeadan soʻng olima yana battardan odamovi va taʼbir joiz boʻlsa „yovvoyi“ boʻlib qoladi. Balki unga otasining vafoti qattiq ruhiy zarba boʻlgandir. Nima boʻlganda ham, shu yildan eʼtiboran Maria Anyezi oʻzini butunlay ibodatga bagʻishlab yuboradi. U bor-budini sotib, Milandagi „Pio Albero Truvultsio“ nomli kambagʻal va qashshoqlarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish jamiyatiga topshirib yuboradi. Tez orada oʻzi ham ushbu jamiyat faoliyatida faol ishtirok eta boshlaydi va uning turli tadbirlarida boshchilik qiladi. U keyingi umrini toʻlaligicha yetim-yesir, beva-bechoralarga yordam koʻrsatish, xayriya ishlari bilan oʻtkazdi. Mariya Anyezi xayriya faoliyatiga boshi bilan shoʻngʻib ketgach, ilmiy izlanishlarini butunlay toʻxtatib qoʻygan. U endi mashhur matematik olima boʻlgisi kelmay qolgandi goʻyo. Kunlarning birida unga Turinlik yosh va iqtidorli matematik Jozef Lui Lagranj (1736-1813) tomonidan yozilgan variatsion hisoblashlarga oid kitob haqida taqriz bildirishini soʻrab murojaat etishadi. Lekin olima endilikda bunday narsalarga eʼtibor qaratmay qoʻyganini taʼkidlab, taqrizdan bosh tortgan ekan.

Vafoti tahrir

Maria Gaetana Anyezi 1799-yilda Milanda vafot etgan. U hayotining soʻnggi kunlarini ham kambagʻallarga yordam koʻrsatish bilan oʻtkazgan. Vafoti oldidan esa bor mol-mulkini sotib, tushgan mablagʻni beva-bechoralarga tarqatib bergan…

Nomini abadiylashtirish tahrir

1996-yilda topilgan asteroidga Agnesi nomi berildi. Shuningdek, Venerada uning nomi bilan atalgan krater mavjud.[5]. U matematika boʻyicha ayollar uyushmasi tomonidan nashr etilgan taniqli matematik ayollar ishtirokidagi oʻyin kartalari toʻplamiga kiritilgan.


Manbalar tahrir

  1. „АНЬЕЗИ, МАРИЯ ГАЭТАНА“. Eponym. Qaraldi: 2022-yil 29-iyun.
  2. „Meet Maria Agnesi: First female mathematics professor“. Aletiea. Qaraldi: 2022-yil 29-iyun.
  3. Muzaffar Qosimov „Mariya Gaetana Anyezi“. OrbitaUz. Qaraldi: 2022-yil 29-iyun.
  4. Clara SilviaRoero „M.G. Agnesi, R. Rampinelli and the Riccati family: A cultural fellowship formed for an important scientific purpose, the Instituzioni analitiche“. Sciencedirect. Qaraldi: 2022-yil 29-iyun.
  5. „Agnesi“. Gazetteer of Planetary Nomenclature. IAU WGPSN (30-iyun). Qaraldi: 30-iyun.