Mariya yurineyasi
Mariya yurineyasi (lotincha: Jurinea mariae) – ikki urugʻpallalilar sinfi, murakkabguldoshlar oilasi, yurineya turkumiga kiruvchi koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Piskom tizmasi, Nanay qishlogʻi atrofida tarqalgan[1].
Mariya yurineyasi | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Yuksak oʻsimliklar |
Sinf: | Ikki urugʻpallalilar |
Turkum: | Yurineya |
Oila: | Murakkabguldoshlar |
Binar nomi | |
Jurinea mariae |
Tavsifi
tahrirBoʻyi 45 sm gacha yetadigan koʻp yillik gulli oʻt oʻsimlik. Poyasi shoxlanmagan, tik qirrali, sirti gʻuj-gʻuj paxmoq tuklar bilan qoplangan. Barglari burishgan, kichik, bezchali, ustki tomonining sirti siyrak paxmoq tuklar bilan qoplangan, ostki qismi kulrang ingichka tukli, poyada navbatma-navbat joylashgan. Yopirma barglari va poyaning pastki qismidagi barglari qisqa bandli, barg plastinkalari yarmigacha tishli, boʻlaklarga boʻlingan. Poyaning oʻrta qismidagi barglari bandsiz butun, tishchalari yoʻq. Toʻpguli savatcha shaklida. Gullari bir jinsli urugʻchibarg va changdon alohida gullarda joylashgan. Hasharotlar yordamida changlanadi. Nashtarsimon oʻrama bargchalari ost tomondan toʻpgulni oʻrab turadi. Gultojibarglari qirmizi yoki pushti tusda. Iyul avgust oylarida gullab mevasi sentabrda pishib yetiladi. Urug‘i quruq pista meva, teskari piramidasimon shaklda yuzasi silliq, tuksiz. Urug‘i orqali koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirTabiatda juda kam tarqalgan. Toshkent viloyati Piskom tizmasi, Nanay qishlogʻi atrofida uchraydi. Togʻlarning yuqori qismidagi toshli surilmalarda oʻsadi. Ugom Chatqol davlat tabiat milliy bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan. Maʼlum bir oʻsish sharoitiga moslashganligi sababli areali qisqarib ketgan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Jurinea mariae Описание таксона - Плантариум“. 2015-yil 12-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 28-aprel.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.