Marjonbuloq oltin koni -Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanidagi kon. Bahorikor temir yoʻl stansiyasidan 9 km sharqda, Janubiy Nurota togʻlarining sharqiy tarmogʻidagi Marjonbuloq qirlarida joylashgan. Sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan oltin rudalari Markaziy va Gʻarbiy uchastkalardan qazib olinadi. Rudalanish deyarli kenglik boʻylab yotuvchi uchta tik yon bagʻirli uzilma zonasida (Shim., Oraliq va Jan.) joylashgan. Hozirgacha toʻrtta uchastka — Sariqbel, Ukraina, Gʻarbiy va Tangi razvedka qilingan, shuningdek, Sharqiy va Goʻshsoy uchastkalari baholangan. Rudadagi oltin miqdori oʻrtacha 2—6 g/t. 25 ta rudali tana aniqlangan. Rudalanish jarayonida 60 dan ziyod mineral vujudga kelgan. Rudadagi sulfidlar miqdori 0,5 dan 5,0% gacha. Oltinli rudalanish uchun pirit-arse-nopiritli mineral assotsiatsiyasi, ayniqsa, harakterli. Oltin probasi 680—740 oraligʻida. Elementlarning ruda maydoniga xos ikkita geokimyoviy assotsiatsiyasi — As-Au-Ag va Ni-Zn-Pb • Sb Ai aniqlangan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil