Masihiy Rukniddin Masʼud [1580, Koshon (Eron) — 1655] — ozarbayjon shoiri. Tabib boʻlgan. Sheʼriyatda Fuzuliy anʼanalarini davom ettirgan. Koʻpgina gʻazal, qasida hamda "Don va tuzoq", "Ari va asal", "Varqa va Gulshoh" kabi romantik dostonlar muallifi. Bizgacha uning "Varqa va Gulshoh" dostoni yetib kelgan. Oʻzidan oldingi salaflarining, ayniqsa, Fuzuliyning "Layli va Majnun"ni yozishdagi ijodiy tajribasidan ruhlanib, M. haqiqiy muhabbat va odamiylikni kuylovchi original asar yaratgan. Asarda Varqa Majnunga nisbatan isyonkor, jang maydonida dushmanlariga qarshi shafqatsiz qilib tasvirlangan. M. re-alistik anʼanalarni rivojlantirgan, asar ruhini xalq epik poeziyasiga yaqinlashtirgan. Doston oʻz vaqtida Yaqin Sharkda keng tarqalgan. Uning qoʻlyozmasi Ozarbayjon Fanlar akademiyasi arxivida saqlanadi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil