ʻʻʻMastavaʼʻʻ (fors, most — qatiq va ob — suv) — suyuq taom. Aslida M. suzma, qatiqdan olingan zardobga guruch solib qaynatib tayyorlangan. Hozir M. sabzi, piyoz, guruch va boshqa masalliqlardan tayyorlanadi. Masalligʻi va tayyorlash usuliga koʻra, qaynatma M., qovurma M., olchali M., qiymali M., xoʻrda M. (guruch oʻrniga oqshoq solinadi) kabi turlari bor. M.ning asosiy turi qoʻy goʻshti qiymasidan qaynatma usulida tayyorlanadi: piyoz, murch aralashtirilgan qiymali kichik kiftalar yasaladi. Qozonda kertilgan goʻshtdan ajratilgan suyak qaynatiladi, pishgach, suyaklar suzib olinib, shoʻrvasiga guruch va dumaloklangan kiftalar solib mildiratib qaynatiladi. Piyoz, pomidor, kubik shaklida mayda qilib toʻgʻralgan sabzi, kartoshka yoki sholgom solsa ham boʻladi. M. kosalarga suziladi, kashnich va murch sepib dasturxonga tortiladi. Alohida idishda qatiq beriladi.

Adabiyot tahrir

  • Mahmudov K., Oʻzbek tansiq taomlari, T., 1989.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil