Matbuot erkinligi
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Matbuot erkinligi - soʻz, shaxs, vijdon erkinligi kabi siyosiy huquqlardan biri boʻlib, matbu-otning erkin faoliyat koʻrsatishini, kishilarning matbuotda oʻz fikr va tuygʻularini toʻsiqlarsiz ifoda eta olishini ifodalaydi. Matbuot erkinligi — matbuotning mohiyatini, uning jamiyat xayotidagi oʻrnini belgilaydi. Siyosiy jihatdan Matbuot erkinligiga demokratiya kurinishlaridan biri sifatida qaraladi.
"Erkinlik" soʻzining tub maʼnosi har qanday toʻsiq, monelik va shahri k.dan xoli boʻlish, mustaqillik, ozodlik degan maʼnoni beradi. Ammo aslida erkinlik — anglangan zaruriyatdir: inson oʻz oldida turgan tarixiy, iqtisodiy, siyosiy zaruratni anglab yetgandagina erkin boʻladi, erkin fikrlay oladi. Matbuot erkinligi ham ana shunday xususiyatga ega, yaʼni jamiyat taraqqiyotiga, uning qonuniyatlariga javob beruvchi matbu-otgina erkin matbuotdir. Jamiyat taraqqiyotining bosh masalalarini chukur tushungan, unga javob bera olgan jurnalistgina erkindir.
Matbuot erkinligining 3 asosi mavjud: ijtimoiysiyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy.
Matbuot erkinligining ijtimoiysiyosiy asosi matbuotning qaysi ijtimoiy borlikda, qanday tuzumda faoliyat koʻrsatishi, qaysi ijtimoiy ongning koʻrinishi ekanligi, qaysi mafkura va gʻoyalarga xizmat qilishidan kelib chiqadi. Matbuot erkinligining mazkur bosh asosi uning huquqiy imkoniyatlari bilan ifodalanadi: har bir jamiyat, har bir tuzum Matbuot erkinligi huquqini belgilar ekan, uning faoliyatini maʼlum qonunlar, koʻrsatmalar, bu borada olib boriladigan siyosat bilan belgilab qoʻyadi.
Matbuot erkinligining iqtisodiy asosi esa matbuot nashrlari va ommaviy axborot vositalarining kim tomonidan, qaysi mablagʻlar evaziga chikarilishi bilan bogʻliq, yaʼni matbuot kimning mablagʻi evaziga, iqtisodiy qullashi natijasida chiqsa, oʻsha uchun erkin boʻladi.
Matbuot erkinligi ning maʼnaviy asosi esa uni chiqarayotgan shaxs, guruh, unda ishlovchi jurnalistlarning ichki dunyosi, dunyoqarashi, eʼtiqodi bilan bogʻliq. Yuksak maʼnaviyatli, chukur eʼtiqodli, insoniyat, jamiyat oldidagi oʻz masʼuliyatini chuqur anglab olgan, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga xizmat qiluvchi, ezgulikka intiluvchi jurnalist doimo erkin boʻladi. Aksincha, qoloq, qotib qolgan tushunchalar, aqidalar asosida va boshqa maqsadlar yoʻlida xizmat qiluvchi jurnalist hech qachon ruhan erkin boʻla olmaydi.
Matbuot erkinligi muammosi matbuot paydo boʻlganidan beri mavjud boʻlib, turli jamiyatda turlicha hal etib kelingan. Matbuotning ilk davri boʻlmish va yakka hukmdorlar tomonidan chiqarilgan avtoritar matbuot keng omma uchun erkin boʻla olmadi. Bu — matbuotning egalari boʻlgan yakka hukmdorlar man-faatiga zid edi. Shu bois oʻsha davrdayoq matbuotni erkin qilish haqidagi talablar paydo boʻlgan. Yangi oʻsib kelayotgan taraqqiyparvar kuchlar oʻzlari uchun, oʻz fikrlarini erkin bayon etish uchun Matbuot erkinligini talab qildilar. 17—18-asrlarda Fransiya, Angliya kabi mamlakatlarda yuz bergan inqilobiy voqealar davridagi Matbuot erkinligi uchun kurash bunga yaqqol misol boʻla oladi. Angliyada yashab ijod etgan Jozef Addison, Richard Stil, Fransiyada Kamil Demulen, Jan Pol Marat va boshqa taraqqiyparvar jurnalistlar oʻz asarlarida xalq ommasining fikr va tuygʻularini ifoda etib, Matbuot erkinligi uchun kurashdilar. Rossiyada A.S.Pushkin, N.A.Nekrasov, N.G. Chernishevskiy, A.N.Gersen va boshqa ilgʻor fikrli, oʻz asarlarida xalq ommasining fikr va tuygʻularini ifoda etgan adiblar, publitsistlar senzuraga qarshi kurashdilar.
20-asr boshida Turkistonda vujudga kelgan jadid matbuoti (qarang Jadidchilik) namoyandalari ham mustamlakachi chor hukumatining Matbuot erkinligi borasidagi qattiq zulmiga qarshi chiqqan edilar. Bu davrda matbuotda ishlab, publitsistika sohasida ijod qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy va boshqa ham chor Rossiyasi general-gubernatorligining Matbuot erkinligidan mahrum qiluvchi siyosatiga qarshi keskin fikrlar aytgan edilar.
Keyinchalik, dunyodagi qator rivojlangan mamlakatlarda hokimiyat oʻzgarib, burjuaziya hukmronligi boshlangach, Matbuot erkinligi nisbatan kengaydi. Bu davrda axborot olish va tarqatish yaxshilandi, kishilarning matbuotdan foydalanish imkoniyatlari ancha kengaydi. Umuman olganda, burjuaziya matbuoti erkin matbuot deb nom oldi. Bunda maʼlum darajada haqiqat bor edi. Burjua hukumatlari matbuot haqidagi oʻz qonunlarida matbuotni hamma uchun erkin, deb eʼlon qildilar, bu qonun maʼlum darajada amalga oshdi, iqtisodiy jihatdan imkoniyati bor shaxslar, guruxdar uchun matbuot nashrlari chiqarish, axborot yigʻish va tarqatish erkinligi paydo boʻldi. Shu bilan birga matbuotning sarmoyaga qaramligi ham oshdi, Matbuot erkinligi undan xohlagancha foydalanish erkinligiga, boylik orttirish erkinligiga aylana bordi. Matbuotda shov-shuvli, oldiqochdi materiallarga, reklamalarga haddan tashqari keng oʻrin berila boshlandi.
Oʻzbekistonda shoʻro tuzumi davrida matbuotning keng tarmogʻi yuzaga kelib, "sovet grajdanlari"ga qonun yoʻli bilan (SSSR Konstitutsiyasining 125moddasi) Matbuot erkinligi "taʼmin etilgan" boʻlsada, amalda butun Ittifoqda boʻlgani kabi, bu yerda ham jurnalistlar faoliyati partiyaviy nazoratning qattiq iskanjasiga olindi. Matbuotning butun faoliyati kommunistik partiya mafkurasiga majburan xizmat qildirildi.
Oʻz milliy mustaqilligiga erishgan, demokratik va huquqiy davlat, adolatli fuqarolar jamiyatini barpo etish yoʻlida borayotgan Oʻzbekistonda Matbuot erkinligi masalasi jamiyat taraqqiyoti bilan birgalikda rivojlanib, takomillashib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 67moddasida "Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Senzuraga yoʻl qoʻyilmaydi", deb yozib qoʻyilgan. Matbuot erkinligining bu ijtimoiysiyosiy va huquqiy asosi yana bir hujjat — Oliy Majlis tomonidan 1997-yil 26 dekabrda qabul qilingan "Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida"gi qonunda aniq va batafsil aks etgan.
Muxtor Xudoyqulov.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |