MAVLAVIY. XIII asrda Jaloliddin Rumiy asos solgan tariqat. Shogirdlari Rumiyni ko‘pincha «mavlono» («janobimiz») deb atashgan. Shundan tariqat nomi olingan. Tariqat faoliyati Eron, so‘ngra Turkiya hududi bilan cheklangan. Tariqat avval shahar aholisining o‘rta va quyi qatlamlarida, keyinroq xos tabaqalariga kirib borgan, usmonli turk sultonlari davrida (XIV asr) Kichik Osiyo bo‘ylab tarqalgan va juda mashhur bo‘lgan.

Tariqat Turkiyada 1925 yilga qadar faoliyat ko‘rsatgan, 1925 yil Kamol Otaturk dekreti bilan tarqatib yuborilgan va tariqatning barcha yerlari, ko‘chmas mulklari/, bankdagi mablag‘i musodara qilingan.

Mavlaviyaning birinchi rasmiy boshlig‘i shayx va xalifa unvonini olgan Hisomiddin Hasan Chalabiy (vaf. 1264 y.) bo‘lgan. Rumiyning o‘g‘li Sulton Valadni (1226-1312) uning vorisi, tariqatning amaldagi tashkilotchisi, deb hisoblash mumkin. Sulton Valaddan boshlab mavlaviya rahbarlik lavozimi - asosan katta o‘g‘li Ulug‘ Orif Chalabiy (1272- 1320) orqali-vorislik lavozimiga aylangan. Mavlaviya o‘z mavlaviyaxona va takyalariga ega bo‘lib, bu yerda zikri samo qilishgan. Boshqa tariqatlardan farqli o‘laroq, mavlaviya jamoa bo‘lib musiqa tinglash, kuylash va gir aylanib zikr tushish marosimiga alohida e’tibor berishgan.

Mavlaviylar fikricha, mutlaq ruh - Ilohning inson qalbidagi zarrasi musiqa ta’sirida, zikr tushish paytida tiniqlashib, poklanadi, ya’ni o‘z o‘zagiga yaqinlashadi, Allohga o‘z muhabbatini to‘laroq ifodalashiga yordam beradi. 

Mavlaviylar «gardi darveshlar» nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Ularning marosimlari murakkab tuzilgan bo‘lib, musiqa jo‘rligida salavot va gir aylanib raqs tushish bilan boshlangan. Ikkinchi qism "salom deb nomlanuvchi to‘rtta raqsli musiqiy bo‘limdan iborat bo‘lib, Qur’on qiroati va namoz bilan yakunlangan. Darveshlar raqsga uzun oq namat kulohlar kiyib, yelkalariga qora mato tashlab chiqganlar.Raqs davomida matolar yelkadan tashlangan va oq etagi keng qilib tikilgan maxsus kiyimda (tannura), o‘ng qo‘lini yuqoriga, chap qo‘lini quyiga qilib aylanishgan. Asta-sekin musiqa usuli tezlashib borishiga muvofiq aylanish ham tezlashgan. Marosimda darveshlar bir-biriga tegib ketmasdan alohida raqs tushishgan. Yashil kiyim kiygan shayxning ishorasi bilan marosim to‘xtatilgan. Keyinchalik mavlaviylar yig‘inlari sahnalashtirilgan tadbirga aylanib, tomoshabinlarning kirishiga ham ruxsat berilgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. tasavvuf Atamalari izohli lug'ati, ,Toshkent Islom Universiteti Islomshunoslilk ilmiy-tadqiqot markazi Movarounnahr 2015.