Ingushiya, Ingushiya Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Maydon 3,6 ming km2. Aholisi 497 ming kishi (2019). Poytaxti — Magas shahar. Maʼmuriy jihatdan 4 tuman, 3 shaharga boʻlinadi.Davlat tili ingush va rus tillaridir.

bayroq

Davlat tuzumi tahrir

Ingushiya — respublika. Davlat boshligʻi – prezident. Qonun chiqaruvchi organi – Xalq majlisi (parlament). Ijrochi organi — hukumat.

Tabiati tahrir

Ingushiya Katta Kavkaz tizmasi shimoliy yon bagʻrining markaziy qismida joylashgan. Iqlimi moʻʼtadil kontinental. Oʻrtacha temperatura: yanvarda — 3 dan —10° gacha, iyulda 21—23°. Yiliga 1200 mm gacha yogʻin yogʻadi. Asosiy daryosi – Sunja. Tekislikdagi tuprogʻi – dasht tuprogʻi. Togʻlarda keng bargli oʻrmonlar baland togʻ oʻtloqlariga tutashadi.

Aholisi tahrir

Ingushlar (371 ming kishi), chechenlar ( 96 ming kishi), ruslar( 6559) turklar (2,4 ming kishi) va b. yashaydi. Ingushlar oʻzlarini galgay deb ataydilar. Dindorlar islom dinining sunna mazhabida.

Tarixi tahrir

Ingushlar 7-asrda birinchi bor tilga olinadi. 9-asr oxiri – 13-asr boshlarida I. Alanlar davlati tarkibiga kirgan. 16-asrga qadar togʻlarda alohi-da-alohida (Jerax, Fepin, Galga, Sorin, Metsxal) urugʻqabila jamoalariga uyushib yashab kelgan. 16–17-asrlarda aholi Sunja va Terek daryolari vodiylariga joylashgan. I. yerlarini 1810-yilda Rossiya bosib olgan. 1921-yildan RSFSR tarkibidagi Togʻlilar ASSRga kiritilgan. 1924-yilda I. muxtor viloyati tuzilgan. 1934-yildan Chechen- Ingushiya muxtor viloyati boʻlgan, 1936-yilda u ASSR ga aylantirilgan. I. 1942-yil kuzda nemislar tomonidan bosib olindi. 1943-yil yanvarda ozod etildi. 1944-yilda Chechen-Ingushiya ASSR tugatilib, aholisi Ikkinchi jahon urushi davrida bosqinchilarga yon bosdi, degan tuhmat bilan zoʻrlab Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonga koʻchirilgan. 1957-yilda muxtor respublika tiklangan. 1990-yilda Chechen-Ingushiya ASSR Oliy Kengashi davlat suvereniteti haqida deklaratsiya qabul qildi. 1992-yil dekabrda Ingushiya Respublikasi tuzildi.

Xoʻjaligi tahrir

Iqtisodiyotida neft qazib olish, neft kimyosi, kimyo, gazni qay-ta ishlash, metallsozlik, trikotaj, oziq-ovqat korxonalari muhim oʻrinda turadi. Qishloq xoʻjaligi, asosan, Sunja va Kam-bileyevka daryolari vodiylarida rivojlangan. Makkajoʻxori, bugʻdoy, suli, arpa, qand lavlagi, kungaboqar, kartoshka yetishtiriladi. Bogʻdorchilik va sabzavotchilik bilan ham shugʻullaniladi. Chorvachiligida qoramol, qoʻy (asosan, mayin tolali jun beradigan qoʻylar), choʻchqa boqiladi.

Adabiyoti tahrir

Ingush xalqining oʻziga xos va boy ogʻzaki adabiyoti mavjud. Ammo yozma adabiyoti 20-asr boshlarida shakllandi. Z. Malsagov (1894–1935)ning "Oʻgʻirlangan qiz" pyesasi (1923) ingush tilidagi birinchi bosma asardir. 30-yillarda S. Oziyev, X. Mutaliyev, J. Yandiyev kabi shoirlar, A. Goygov, I. Bazorkin kabi adiblarning asarlari bosilib chikdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida J. Yandiyev, M. Xashagulgov, I. Bazorkinlarning fashist bosqinchilarga nafrat ruhidagi asarlari katta ahamiyatga ega boʻldi. 50-yillardan adabiyot badiiy yuksaklikka koʻtarildi, barcha zamonaviy janrlarda, ayniqsa roman janrida salmokli asarlar yaratildi. Birinchi ingush romannavisi S. Chaxkiyevning "Oltin ustunlar", "Boʻrining tunlari" asarlari ingush adabiyotida muhim voqea boʻldi. Ularning birinchisida axloq-odob muammolari koʻtarilgan boʻlsa, ikkinchisi tarixiy mavzuda edi. I. Bazorkinning "Asriy zulmatlar osha" epopeyasi xalqning keyingi bir asrlik hayoti va fikr-oʻylarini ifodalab bergan. 60–90-yillarda sheʼriyat badiiy jihatdan ancha yuksaldi, prozada sermazmun ocherk, qissa, romanlar yaratildi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil