Mayda moviygul (lotincha: Lappula parvula) — govzabondoshlar oilasi yopishqoq o‘t turkumiga mansub bir yillik o‘t o‘simlik[1]. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob endemik tur sifatida kiritilgan. Qoraqalpog'istondagi Sulton Uvays tog‘i hududida tarqalgan. Ko‘proq tog‘ etaklaridagi yumshoq tuproqli hududlarda o‘sadi.

Mayda moviygul
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli o‘simliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Yopishqoq o‘t
Oila: Govzabondoshlar

Tasnifi

tahrir

Balandligi 10-15 sm gacha yetadigan bir yillik o‘t o‘simlik. O‘q ildiz sistemasiga ega. Poyasi oddiy, tuklar bilan qoplangan, yuqorisi biroz shoxlangan. Barglari oddiy, yashil, shakli nashtarsimon yoki cho‘ziq nishsimon, sirti dag‘al tuklar bilan qoplangan, poyada navbatma-navbat joylashgan. Barglarining katta qismi poyaning pastki ildizga yaqin bo‘lgan qismida paydo bo‘ladi. Gullari ikki jinsli. Gultojibarglari ko‘k rangda, 2-3 mm uzunlikda, egilgan qismi nozik, qo‘ng‘iroqsimon. Gulkosachabarglari yashil, uzunligi 1-2 mm. Gullari poya uchidagi to‘pgulda yig‘ilgan. To‘pguli siyrak gulli, uzunligi 2-3 sm, pastga qayrilib turadi. Hasharotlar yordamida changlanadi. Mevasi quruq, uzunligi 2,5-3 mm bo‘lgan yong‘oq meva. Meva bandining uzunligi 1,5 sm gacha yetadi. Yong‘oqchalari sirtdan uzunligi 1 mm bo‘lgan tuklar bilan qoplangan. Aprel oyida gullab mevasi mayda yetilib pishadi. Urug‘i orqali ko'payadi.

Tarqalishi va o‘sish sharoiti

tahrir

Tabiatda juda kam tarqalgan, ko‘proq kichik to‘plar hosil qilib o‘sadi. Qoraqalpog'istondagi Sulton Uvays tog‘i hududida tarqalgan. Ko‘proq tog‘ yonbag‘irlaridagi mayda zarrali unumdor tuproqlarda o‘sadi. Chorva mollarining doimiy boqilishi populyatsiya qisqarishiga sabab bo‘lgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Липучка мелкая“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.