Maydagultojibargli erigeran
Maydagultojibargli erigeran (lotincha: Erigeron trimorphopsis) – ikki urugʻpallalilar sinfi, murakkabguldoshlar oilasi, erigeran turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Chatqol tizmasi, Koʻksuv vodiysida tarqalgan[1].
Maydagultojibargli erigeran | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Yuksak oʻsimliklar |
Sinf: | Ikki urugʻpallalilar |
Turkum: | Erigeron |
Oila: | Murakkabguldoshlar |
Binar nomi | |
Erigeron trimorphopsis |
Tavsifi
tahrirBoʻyi 15-35 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz sistemasiga ega. Poyasi koʻp, yuzasi silliq, tuksiz, tik oʻsadi. Yopirma barglari uzunligi2,2-11,5 sm, eni 6-9 mm, teskari nashtarsimon shaklda. Barglari poyada ketma ket joylashgan, poyaning pastki ildiz bogʻziga yaqin qismidan chiqqan barglari yirikroq, uzun bandli, yuqorigi barglari kichik, qisqa bandli. Gullari bir jinsli, urug‘chibargi va changchisi alohida gullarda oʻrnashgan. Koʻplab tilsimon shakldagi gullari yigʻilib savatcha toʻpgulni hosil qiladi. Savatchasining uzunligi 0,9-1,3 sm, ostki qismi qalami nashtarsimon bargchalar bilan oʻralgan. Gultojibarglari pushti yoki binafsharang tusda. Gulkosachabarglari yashil, qisqa va nashtarsimon tuzilgan. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyul oyida gullab mevasi avgust sentabrda pishib yetiladi. Mevasi quruq bir urugʻli. Urug‘i uzunchoq, dagʻal tuklar bilan qoplangan. Urug‘i yordamida koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirYovvoyi tabiatda kam uchraydi, toʻp toʻp yoki yakka holatda oʻsadi. Toshkent viloyati Chatqol tizmasi, Koʻksuv vodiysida tarqalgan. Togʻlarning yuqori qismidagina uchratish mumkin. Chorva mollarining koʻplab boqilishi natijasida areali qisqarib ketgan. Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Erigeron trimorphopsis“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.