Maydontol oksitropisi (lotincha: Oxytropis maidantalensis) – ikki urugʻpallalilar sinfi, burchoqdoshlar oilasi, oksitropis turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati, Maydontol daryosi havzasida uchratish mumkin[1].

Maydontol oksitropisi
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Yuksak oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Oksitropis
Oila: Burchoqdoshlar
Binar nomi
Oxytropis maidantalensis

Tavsifi

tahrir

Balandligi 10-15 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz sistemasiga ega. Poyasi juda qisqa, deyarli yoʻqolib ketgan. Chim hosil qilib oʻsadi, butun yuzasi oq paxmoq tuklar bilan qoplangan. Barglari murakkab, poyada navbatma navbat joylashgan, uzunligi 2,5-7 sm, bargchalari 6-7 juft, ovalsimon, yumaloq shaklda. Gullari ikki jinsli, shingil to‘pgulda joylashgan. Gulpoyasining uzunligi 3-8 sm. Shingili kallaksimon, zich gulli. Gultojibarglari pushti yoki qizgʻish tusda. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyul oyida gullab mevasi avgustda pishib yetiladi. Mevasi quruq dukkak meva. Dukkagi choʻziq, pufaksimon, uzunligi 15 mm, qattiq, uchi qayrilgan, yuzasi qalin xurpaygan tuklar bilan qoplangan. Urug‘i orqali koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti

tahrir

Tabiatda juda kam tarqalgan, yakka yakka holatda oʻsadi. Oʻzbekistondagi jami tuplari soni uch mingdan oshmaydi. Toshkent viloyati Maydontol daryosi vodiysida uchratish mumkin. Togʻlarning tosh va shagʻalli yonbagʻirlarida oʻsadi. Oʻsish joylarida koʻplab chorva mollarining boqilishi va yem xashak sifatida yigʻib olinishi natijasida oʻsimlik soni qisqarib ketgan. Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Oxytropis maidantalensis“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2009.