Mayiz — oftobda, soyada yoki maxsus quritgich mashinalarda quritilgan uzum gʻujumi. Mayizbop uzum navlaridan tayyorlanadi. Quritish usuliga koʻra, avlon (turli nav uzumlari oftobda quritiladi), bedona, garmiyon, sabza, soyaki va boshqa turlari bor. M. solishning oddiy usulida uzum boʻyra, bordon yoki suvalgan maydonga yoyilib quritiladi. Bu usulda uzum 20—30 kunda quriydi. Ishqor eritmasiga botirib olingan uzum 7—10 kunda qurib, 24—30%, maxsus qurilgan soyakixonada esa 4—8 haftada qurib, 23—25% M. tushadi. Oʻzbekiston FA "Asbobsoz" birlashmasida M. quritishda qoʻllaniladigan maxsus mashinalar (mayiz quritgichlar) yaratilgan. Bu mashinalar M. ni oftobda quritishda chang bilan ifloslanishning oldini oladi. M. tarkibida quruq moddasiga nisbatan 79,5-87,5% gacha qand, 0,5-3% organik ktalar, 2,1—2,9% azotli moddalar, 1% kletchatka, 2—2,9% kul va boshqa bor. M. namligi 18%dan ortiq boʻlmasligi kerak. Quritilgan uzum chang , turli aralashmalardan tozalanadi, standart qutilarga, qoplarga joylanadi. Aʼlo navli M.lar Oʻzbekiston, Tojikiston, Eron, Afgʻoniston, Italiya, Avstraliya va boshqa mamlakatlarda tayyorlanadi.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil