Maymuna bint al-Horis

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o'n birinchi ayoli

Maymuna binti al-Horis (arabcha: ميمونه بنت الحارث, romanizatsiya: Maymūna bint al-Ḥārith; 594-671) — Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o'n birinchi va u zot uylangan eng so'ngi ayoldir. Avvalgi ismlari Barra (Arab tilida: بَرَّة) edi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Barra ismini Maymuna (ma'nosi "baxtli ayol") ga o'zgartirganlar.

Nasabi tahrir

Makkalik Hind binti Avf ibn Zuhayr ismli ayol ko‘p qiz tuqqani bilan mashhur edi. U bir eri Horis ibn Hazandan beshta qiz ko‘rgan edi. Ular:

  • Luboba Kubro binti Horis.
  • Osma binti Horis.
  • Azza binti Horis.
  • Luboba Sutro binti Horis.
  • Barra binti Horis.

Boshqa eri Umays ibn Ma'ddan ham bir necha qiz ko‘rgan edi:

  • Asmo binti Umays
  • Salma binti Umays
  • Salama binti Umays

Hind binti Avf ibn Zuxayr Xuzayma ismli eridan Zaynab degan qiz ko‘rib, u qizi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zavja bo‘lib, vafot etgan edi.

Uning qizlari ulg'ayib, nomdor kishilarga xotin bo‘lishdi. Luboba Kubro binti Horis Abbos ibn Abdul-muttolibga, Osma binti Horis Ubay ibn Xalafga, Azza binti Horis Ziyod ibn Abdulloh ibn Molikka, Asmo binti Umays Ja'far ibn Abu Tolibga, Salma binti Umays Hamza ibn Abdulmuttolibga, Salama binti Umays Abdulloh ibn Ka'bga xotin bo‘ldi. Hind binti Avf ibn Zuhayrning yana bir qizi Barra binti Horis Mas'ud ibn Amr ibn Umayr as-Saqafiy bilan turmush qurdi. So‘ng u kishidan ajrashib ketdi va Abu Ruhm ibn Abdul'uzzo ibn Abu Qaysga turmushga chiqdi. Ko‘p o‘tmay, Abu Ruhm vafot etib, Barra binti Horis beva qoldi.

Barra binti Horisning opalari Islomda ham nom chiqargan kishilardan bo'ldi. Birgina katta opasi Luboba binti Horisni olib ko‘raylik. U fozila ayollardan sanalib, Makkada Hadiyja binti Xuvayliddan so'ng Islomga kirdi. O‘zi Omir qabilasidan bo‘lib Paygambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos ibn Abdulmuttolib roziyallohu anhuning xotini bo‘lgan. Fazl ibn Abbos roziyallohu anhu Luboba roziyallohu anhoning bosh farzandi bo‘lgani uchun Ummu Fazl kunyasini olgan edi.

Nikoh tahrir

Xijriy yettinchi sanada Hudaybiya sulxida kelishilganiga binoan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan birgalikda umra qilgani Makka tomon otlandilar. Payg‘ambar sollallohu alayxi vasallam bilan ikki ming kishi yo‘lga chiqdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining mashhur tuyalari Qasvoni minib olgan edilar. U zot boshliq umrachilarning oldida Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu ohangga solib, bayt o‘qib borar edi. Umrachilar Makkai Mukarramaga yaqinlashganlarida bir ovozdan:

«Labaykalloxumma labbayk! Labbayka laa sharika laka labbayk», deb yeru ko‘kni larzaga solishar edi.

Bu barakali ovozlar Barra binti Horisning qalbini larzaga soldi. U anchadan buyon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zavja bo‘lishni orzu kilib yurar edi. Uning orzusi amalga oshishi uchun qulay fursat kelganga o‘xshab ko‘rindi. Barra shoshilib borib, orzusini katta opasi Ummu Fazlga aytdi. U esa bu gapdan eri Abbos ibn Abdulmuttolibni xabardor qildi. Abbos ibn Abdulmuttolib roziyallohu anhu o‘z navbatida darhol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yo'l oldi va qayinsinglisi Barraning orzusini u zotga yetkazib, unga uylanishni targib qildi.

Muhammad solallohu alayhi vasallam bu taklifga rozi bo‘ldilar. U zot amakilari Ja'far ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni to'rt yuz dirham mahr ila kelin tomonga yubordilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Barra ismini Maymunaga o‘zgartirdilar. Ja'far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu kelib, ketganlaridan keyin Maymuna binti Horis roziyallohu anho sabr qila olmasdan, tuyaga minib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarorgoh tutgan Batho nomli joyga qarab yurdilar.Uzoqdan Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga ko‘zlari tushishi bilan u kishi:

«Tuya ham, uning ustidagi narsalar ham Alloh taoloning yo‘lida sadaqa bo‘lsin», dedilar.

Bu orada ba'zi kishilar: «Ayol kishi ham uyalmasdan, birovga o‘z nafsini xadya kiladimi?!» degan gap tarqatishdi. Bu gap-so‘zlarning raddiga Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi:

« Ey Nabiy! Albatta, Biz senga mahrlarini bergan juftlaringni, Alloh senga o‘lja qilib bergan qo‘ling mulk qilib olganlarni, amakingning qizlari, ammalaringning qizlari, tog‘angning qizlari, xolalaringning qizlaridan sen bilan hijrat qilganlarini halol qildik va bir mo'mina ayolni ham, agar u o‘zini Nabiyga hadya etsa, Nabiy uni nikohlab olishni iroda qilsa mo‘minlarga emas, sen uchun maxsus. Batahqiq, ularga juftlari va qo‘llarida mulk bo‘lganlar haqida nimani farz qilganimizni bilgandirmiz. Toki senga tanglik bo‘lmasin. Alloh G‘ofur va Rohiymdir» («Ahzob» surasi, 50-oyat).

Bu oyati karimada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qanday ayollarning nikohi durust ekani haqida, u zot bilan turmush qurgan va quradigan ayollarga tegishli masalalar ustida so‘z yuritiladi.

« Ey Nabiy! Albatta, Biz senga mahrlarini bergan juftlaringni» halol qildik.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu oyat nozil bo‘lgan paytdagi mahrlarini bergan juftlari:

  • Oisha onamiz - Hazrati Abu Bakrning qizlari,
  • Hafsa onamiz - Hazrati Umarning qizlari,
  • Ummu Habiba onamiz - Abu Sufyonning qizi,
  • Ummu Salama onamiz - Abu Umayyaning qizlari,
  • Savda onamiz - Zam'aning qizlari,
  • Zaynab onamiz - Xuzaymaning qizlari,
  • Zaynab onamiz - Jahshning qizlari,
  • Juvayriya onamiz - Horisning qizi va
  • Sofiya onamiz - Hayy ibn Axtobning qizi edilar.

«...Alloh senga o‘lja qilib bergan qo‘ling mulk kilib olganlarni» halol qildik.

O'sha paytda butun dunyoning odati shu edi. Cho‘ri xojasiga xotin o‘rnini ham bosar edi. Urushda asir tushgan ayollar cho‘ri qilinardi. Sofiya va Juvayriya onalarimiz urushda asir tushganlardan edilar. Lekin Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam ularni cho‘ri qilmadilar, oldin ozod etib, keyin nikohlab oldilar.

Nubuvvat Xonadonida tahrir

Maymuna binti Horis onamiz nubuvvat xonadoni ayollari qatoriga so‘nggi durdona bo‘lib qo‘shilishlari u kishining o'z urinishlarini taqdirlash ma'nosida bo‘lganini avval ko‘rib o‘tdik. Ammo u kishining nubuvvat xonadonidagi hayotlarini chuqurroq o'rganib ko‘radigan bo‘lsak,Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari adadi odatdan tashqari ekanining Alloh taolo tomonidan ko‘zda tutilgan hikmatlarini yana ham teranroq anglab yetamiz. Ana shu hikmatlardan biri alohida oilaviy sharoitda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan shar'iy ahkomlarni onalarimizning ko‘plashib Islom ummatiga yetkazishlaridir. Ana o‘sha haqiqatni Maymuna binti Horis onamiz misollarida ko‘rsak bo‘ladi.

Shaxsiy sifatlari tahrir

Maymuna binti Horis onamizning va u kishining opa-singillarining iymonlari baquvvat ekaniga Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning o'zlari guvohlik berganlar.

Imom Nasoiy va boshqalar Abdullox ibn Mas'ud roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam Maymuna binti Horis onamiz, Ummu Fazl, Asmo binti Umays va Salma binti Umays roziyallohu anholar haqida:

«Mo'mina opa-singillar», deganlar.

Oisha onamiz roziyallohu anho Maymuna binti Horis onamizning mo‘minlarning onalari ichida eng taqvodor va silai rahmga moyil ekanliklariga guvohlik berib:

«Allohga qasamki, Maymuna ketdi. Albatta, u ichimizda eng Allohga taqvodorimiz va silai rahmga moyilimiz edi», deydilar.

Maymuna binti Horis onamiz hadis rivoyat qilishda Oisha onamiz va Ummu Salama onamiz roziyallohu anholardan keyin, uchinchi o‘rinda turar edilar.

Hazrati Maymuna roziyallohu anho Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamdan 76ta hadisi sharif rivoyat qildilar. Shulardan bittasiga imom Buxoriy va beshtasiga imom Muslim yakka holda, yettitasiga birgalikda ittifoq qilganlar.

Maymuna onamizdan opa-singillarining o‘g‘illari: Abdulloh ibn Abbos, Yaziyd ibn Madad ibn al- Hadd, Abdurrohman ibn as-Saib al-Xulamiy, Yaziyd ibn al-Asom va Ubaydullox, al-Javlaniy, Sulaymon ibn Yasor, Ibrohim ibn Abdulloh ibn Ma'bad, Ibn Abbosning mavlosi Kurayb, Ubayda ibn as-Sibok va Oliya bintu Sabiy' va boshqalar rivoyat qilganlar.

Vafotlari tahrir

Hijriy ellik birinchi sanada Maymuna binti Horis onamiz roziyallohu anho Makkai Mukarramaga ziyoratga bordilar. U kishi o‘sha yerda bemor bo‘lib qoldilar. Xastaliklari ogirlashganda:

«Meni Makkadan olib chiqinglar. Men bu yerda o‘lmasligim kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga Makkada o‘lmasligim haqida xabar berganlar», dedilar. Maymuna binti Horis onamiz roziyallohu anhoni ko‘tarib, Madinai Munavvara tomon yo‘l olishdi. Ular Maymuna binti Horis onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birinchi bor birga bo‘lgan Sarif nomli joydagi daraxt ostiga yetganlarida u kishi jon taslim qildilar.

Ato ibn Abu Raboh quyidagilarni aytadilar: «Maymuna Sarifda vafot etganida Ibn Abbos bilan u tomon chikdim. Bas, u:

«Anbarni ko‘targaningizda uni silkitmanglar, qattiq qimirlatmanglar», dedi».

Maymuna binti Horis onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu o‘qidilar. Qabrga qo‘yganlardan biri ham o‘sha kishi edilar.

Ibn Sa'd va Hakiymning aytishlariga qaraganda, vafot etganlarida u zotning yoshlari sakson birda edi.

Alloh taolo Maymuna binti Horis onamiz roziyallohu anho onamizdan rozi bo‘lsin!

Adabiyotlar tahrir

  • Hadis va Hayot. 25-juz. Nubuvvat xonadoni xonimlari - T.: «Hilol-Nashr», 2023. - 456 b. ISBN 978-9943-9040-5-7