Mazhar Burhonov
Mazhar yoki Mazharuddin Burhonov (1878-yil, Buxoro — 1937-yil, Toshkent) — Jadidchilik harakati aʼzolaridan. Birinchi oʻzbek matematigi. Oʼzbekiston Respublikasi Madhiyasining bastakori Mutal Burhonovning katta amakisi. Qatagʻon qurboni boʻlgan.
Mazhar Burhonov | |
---|---|
Tavalludi |
1878-yil |
Vafoti |
1937-yil Toshkent |
Fuqaroligi | Buxoro amirligi, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, SSSR |
Taʼlimi | Istanbul universiteti |
Kasbi | Oʻqituvchi |
Faoliyat yillari | 1914—1936 |
Turmush oʻrtogʻi | Sadiyaxonim |
Mazharuddin Burhonov 1878-yil Buxoro amirligi poytaxti Buxoro shahrida tug‘ilgan. Dastlabki taʼlimni otasidan olgan. Burhonlar ilk oʻrta asrlardan boshlab Buxorodagi badavlat xonadon hisoblangan. XX asr boshlaridan boshlab sulola vakillari Buxorodagi jadidchilik harakatida muhim oʻrin tutishgan. 1908-yilda Buxorodagi madrasani bitirib, o‘qishini Turkiyada davom ettiradi. Mazhar Burhonov 1914-yildan boshlab Istanbul universitetining matematika fakultetida o‘qiy boshlaydi. Bir necha yillar davomida Istambul maktablarida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Makka shahriga borib haj ziyoratini amalga oshiradi. 1922-yilda oliy maʼlumotli matematika o‘qituvchisi diplomi bilan Buxoroga qaytib keladi. M. Burhonov 1922-yildan 1923-yilgacha Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Mehnat idorasi boshlig‘i va Maorif noziri o‘rinbosari vazifalarida faoliyat yuritgan. „Nashri maorif“ jamiyatining chet elda tahsil olayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash, kutubxona va maktablar faoliyatini kengaytirish kabi tadbirlari bilan Buxoro maorifchilari orasida mashhur edi. Mazhar Burhonov Buxoro Xalq Respublikasi tugatilganidan keyin hukumat ishlarida faoliyat yuritishni to‘xtatib faqat ilm bilan shug‘ullanadi. Burhonov matematika sohasida birinchi darsliklar yaratgan o‘zbek pedagog olimlaridan sanaladi. 1924-yildan 1930-yilgacha Buxorodagi dorulmualliminda, undan so‘ng Samarqand shahrida joylashgan Musiqa institutida matematika fanidan dars bergan. 1932—1933-yillarda Stalinobod (hozirgi Dushanbe)da, 1933—1936-yillarda Toshkent shahrida istiqomat qilib, bilim yurtlarda dars bergan. 1936-yilda Samarqand shahriga ko‘chib kelib, maktab o‘qituvchiligidan nafaqaga chiqadi[1].
Mazharuddin Burhonov 1937-yilning 19-iyulida „Milliy ittihod“ tashkilotiga a‘zolikda ayblanib hibsga olingan. Burhonov hibsga olingan paytda turmush o‘rtog‘i 34 yoshli Sadiyaxon Samarqanddagi o‘qituvchilar tayyorlash bilim yurtining ikkinchi kursda tahsil olayotgan edi. Mazhar Burhonov 1937-yilning 27-avgust kuni so‘roq qilinadi. So‘roq davomida Fayzulla Xo‘jayevni 1910-yildan beri bilishini, u vaqtda 13-14 yoshli Fayzulla bir boyning farzandiligi, 1922-yilda Turkiyadan kelganida esa siyosiy arbob boʻlib yetishgani, davlat idoralarida rahbar sifatida faoliyat yuritganini aytadi. O‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga nisbatan O‘zbekistondagi biror bir siyosiy partiya yoki „Milliy ittihod“ nomli aksilinqilobiy tashkilot haqida eshitmaganini, o‘zi a‘zosi bo‘lgan „Nashri maorif“ tashkiloti esa siyosiy emas, balki maʼrifiy jamiyat bo‘lganini, xalq maorifini qo‘llab-quvvatlovchi harakat sifatida tashkil etilganini aytib o‘tadi. Mazhar Burxonov 1937-yil 25-oktyabrda ukalari va jiyani bilan birga otib tashlanadi[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Buxoro amiri tomonidan 14 yoshida zindonga tashlangan o‘smir, ilk o‘zbek matematigi va Fayzulla Xo‘jayevning shaxsiy kotibiga aylangan Burhonovlar sulolasi vakillari qismati“. oyina.uz (2023-yil 20-yanvar). Qaraldi: 21-iyul 2023-yil.
- ↑ „Mazhariddin Burhonov (1878-1937)“. 2023-yil 21-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 21-iyul 2023-yil.