Melaninlar (yun. melas — qora) — toʻq jigarrang va qora pigmentlar. Odam, oʻsimlik va hayvon toʻqimalarida keng tarqalgan. Yuqori molekulali boʻlib, suvda erimaydi. Teri qoplami va uning hosilalari (soch, jun, pat, tangachalar), hasharotlar kutikulalari, meva poʻsti va hokazo rangini belgilaydi; albinoslarda M. boʻlmaydi (qarang Albinizm). M. tirozin aminokislotalarining oksidlanishi natijasida hosil boʻladigan oʻzgarishlar mahsuli. Odam terisining rangi maʼlum darajada M.ga bogʻliq. Odam va hayvonlarda M. hosil boʻlishi endokrin bezlar faoliyati bilan bogʻliq. Ayrim gormonal buzilishlar, baʼzan homiladorlik, ku-yish va ultrabinafsha nurlar taʼsirida terida M. paydo boʻlishi tezlashadi. M. miqsorining ortishi soʻgal, ayrim xavfli oʻsma (melanoma)larda kuzatiladi. Baʼzan oʻsimlik mahsulotlarini tozalash chogʻida (mas, kartoshka artganda) ham M. hosil boʻlishi mumkin.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil