Mesxeti turklarining surguni
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Mesxeti turklarining surguni (ruscha: Депортация турок-месхетинцев, turkcha: Ahıska Türklerinin sürgün edilmesi) yoki Mesxeti turklarining deportasiyasi – Gruziya SSRning Mesxetiya viloyati (hozirgi Gruziya Respublikasi)da yashovchi barcha Mesxeti turklari Sovet hukumati tomonidan surgun qilingan. Mesxeti turklari 1944-yil 14-noyabr kuni Oʻrta Osiyoga (Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston) majburan koʻchirilgan. Deportatsiya davomida 212 qishloqda yashovchi 92.307 nafar Mesxeti turklari uylaridan majburan koʻchirilgan. Ular chorva uchun moʻljallangan vagonlarga joylashtirilib, asosan Oʻzbekiston SSRga joʻnatilgan. Ushbu operatsiya doirasida boshqa etnik guruhlar vakillari ham deportatsiya qilindi. Operatsiya davomida 115 mingga yaqin odam, jumladan, kurdlar va hamshinlar (musulmon armanlar) deportatsiya qilindi. Deportatsiya qilinganlar maxsus aholi punktlariga joylashtirildi va u yerda majburiy mehnatga tortildi. Deportatsiya va surgunning ogʻir sharoitlari 12 000–50 000 kishining oʻlimiga olib kelgani aytiladi.
Mesxeti turklarining surguni | |
---|---|
Asl nomi | Депортация турок-месхетинцев |
Sana |
1944-yil 14-noyabr — 1944-yil 26-noyabr |
Hujum turi |
majburiy koʻchirish, deportatsiya. |
Halok boʻlganlar |
turli taxminlar: I) 12 589 II) 14 895 III) 30 000 IV) 50 000 |
Jinoyatchilar | Lavrentiy Beriya |
Deportatsiya SSSR Vazirlar Kengashi Raisi Iosif Stalinning bevosita buyrugʻiga binoan SSSR Ichki Ishlar Xalq Komissarligi (NKVD) komissari Lavrentiy Beriya va NKVDning boshqa 4000 nafar xodimlari tomonidan amalga oshirilgan. Operatsiyani amalga oshirish uchun 34 000 000 (oʻttiz toʻrt million) rubl ajratildi. Bu SSSR hukumatining majburiy koʻchirish va aholini koʻchirish dasturining bir qismi boʻlib, 1930-yildan 1950-yilga qadar sovet etnik ozchiliklarining bir necha million aʼzolariga taʼsir koʻrsatdi. Deportatsiya jarayoni tugallangach, SSSR hukumati 32 ming kishini, asosan, nasroniy armanlarni Mesxetiya hududiga joylashtirdi.
1956-yil Iosif Stalin vafotidan soʻng, SSSR Vazirlar Sovetining yangi raisi etib saylangan Nikita Xrushchev yashirin nutq soʻzlagan va unda Stalinning turli etnik guruhlarni deportatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarorlarini tanqid qilgan va baʼzi qarorlar bekor qilingan. Ammo Mesxeti turklarining oʻz yurtiga qaytishi uchun ruxsat berilmadi. 1989-yil Oʻzbekiston SSRda sodir boʻlgan Fargʻona voqealaridan keyin ham vaziyat oʻzgarmadi. 1991-yilda mustaqillikka erishgan Gruziya Respublikasi axisga turklarining Mesxetiyaga qaytishiga ruxsat bermadi. 2006-yilgi mavjud boʻlgan statistik maʼlumotlarga koʻra, 260 000–335 000 kishini tashkil etgan Mesxeti turklarining aksariyati yetti postsovet davlatida yashaydi.