Metafizika (Qadimgi yunoncha: τὰ μετὰ τὰ φυσικά - "tabiiy olamda mavjud narsalar (fizika) dan keyingi narsalar"; lotincha: Metaphysica) - Qadimgi yunon faylasufi Aristotelga tegishli asosiy asarlardan biri bo'lib, mazkur kitobda muallif shu nom bilan ataluvchi falsafa yo'nalishiga asos solgan. Asar o'n to'rt kitobdan iborat bo'lib, u Rodoslik Andronik tomonidan to'plangan va ularda turli xil ibtidolar to'g'risida qarashlar ilgari suriladi. Shuningdek, mazkur asarda Borliq, turli sababiyat ko'rinishlari, shakl va materiya, matematik obyektlarning mavjudligi va Kosmos to'g'risida fikr yuritiladi.

Metafizika
Asl nomi Τά μετά τά φυσικά
Muallif(lar) Aristotel
Janr(lar)i Traktat

Umumiy ma'lumot tahrir

Metafizika eng buyuk falsafiy asarlardan biri hisoblanadi. Mazkur asarning qadimgi yunonlarga, musulmon faylasuflariga, Sxolastika maktabi vakillariga va xattoki Dante Aligyeri kabi yozuvchilarga ta'siri ulkandir.[1] Unda asosan Platonning g'oyalar nazariyasi tanqid qilingan bo'lib, Platon Aristotelning ustozi bo'lgan va mazkur nazariyada keltirilgan ta'riflashning dialektik metodini materiya uchun ham, o'zgarish uchun ham qo'llab bo'lmasligi uning Aristotel tomonidan tanqid qilinishiga sabab bo'lgan. Aristotelning fikricha, Demokrit va boshqa atomistlarning "fizik metodi" esa muammolar va faktlarga ilmiy yondashuvni o'zida aks ettirgan, biroq ular ham ta'riflarning mohiyatini to'la o'zida aks ettira olmagan. Bu esa narsalarning mohiyatini moddiy spekulyatsiyalar bilan cheklab qo'ygan va unda narsalar orasidagi sababiy bog'lanish zanjiri yakunda sof tasodifga bog'liq ekanligi ilgari surilgan. Aristotel o'zining "Metafizika" asarida yuqoridagi ikki metodning yaxshi tomonlarini birlashtirish ilinjida edi. Uning metafizikasi falsafani matematika darajasiga tushirib qo'yuvchi Platon dialektik idealizmiga ham, uni fizika darajasiga tushirib qo'yuvchi Demokrit materializmiga ham qarshi qaratilgan edi. Aristotelning dunyoqarashi tabiiy tillar, kundalik ong va tabiatshunoslik sohasidagi bilimlarni tahlil qilishga asoslanadi. Natijada esa empirik fanlardagi naturalizm bilan til, ontologiya va epistemologiya sohalaridagi tanqidiy tafakkur ko'rinishlari birlashtirilgan va bu ikki ming yildan ko'proq vaqt mobaynida jahon ilm-fani rivojiga o'zining munosib hissasini qo'shib keldi.[2]

 
Platon va uning shogirdi Aristotel

Tarkibi tahrir

Birinchi kitob tahrir

Aristotel Metafizikaning Birinchi kitobini "Barcha insonlar tabiatan bilimga intiladi" deb boshlaydi, chunki insonlar, faylasufning fikricha hissiyotlarga (αἰσθήσεων) intilishadi. Bilim manbasi hissiyot va xotiradir; ular birlashib tajribani (ἐμπειρία) yuzaga keltiradi. Qobiliyat - ya'ni umumiy bilimlar aynan tajriba ustiga quriladi. Biroq amaliy tajriba yoki ko'nikma - bu oliy bo'lmagan bilim shaklidir (ἐπιστήμη). Faqatgina chinakam bilim - ya'ni ibtido va sabablarni bilishni nazarda tutuvchi donishmandlik (σοφία) oliy bilim bo'lishi mumkin. Aristotel odatda ko'p narsani biladigan insonlarni donishmand deyilishini yozadi, lekin, faylasufning fikricha, barcha narsani bilish mumkin emas, faqat barcha narsaning kelib chiqish sababinigina bilish mumkin. Aynan faylasuflar avvalboshdan barcha narsalarning kelib chiqishi sabablari bilan: Olamning kelib chiqishi, yaxshi va yomon narsalarning kelib chiqishi sabablari bilan qiziqishgan. Shunday bilimni u ilohiy deb ataydi. Metafizikaning Birinchi kitobining to'rtinchi bobida u barcha narsalarning kelib chiqishining to'rt sababini sanab o'tadi. Bular:

Mohiyat (οὐσία — usia)

Materiya (ὕλη — hyule)

Ibtidoiy harakat (ἡ ἀρχὴ τῆς κινήσεως — xe arxe tes kineseos)

Ezgulik (ἀγαθόν — agatxon)

Aristotel o'zidan oldin o'tgan faylasuflarni moddiy kelib chiqishga haddan ortiq urg'u berganlikda ayblaydi. Bunga misol sifatida Falesning suvga, Anaksimenning havoga, Geraklitning olovga va Empedoklning to'rt elementga urg'u berishini keltirish mumkin. Ibtidoiy harakatga misol sifatida u aql, do'stlik va dushmanlikni keltiradi. Shuningdek, Aristotel Birinchi kitobda Pifagorchilar ta'limotini ham ko'rib chiqadi.

Ikkinchi kitob tahrir

Ikkinchi kitobda Aristotel falsafani haqiqat to'g'risidagi bilim (ἐπιστήμη τῆς ἀληθείας), deb ta'riflaydi, zero har qanday bilimdan haqiqat maqsad sifatida ko'zlanadi.

Uchinchi kitob tahrir

Uchinchi kitobda Aristotel sabablarni bilishdagi mushkulotlarga e'tiborimizni qaratadi: narsalarda mohiyat mavjudmi, agar shunday bo'lsa ular qayerda bo'ladi? Faylasuf shuningdek insonlarning Xudolar to'g'risidagi qarashlarini ham tandiq qiladi va oziqlanuvchi mavjudotlar abadiy bo'lishi mumkin emasligini aytib o'tadi.

To'rtinchi kitob tahrir

To'rtinchi kitob mohiyat tushunchasiga bag'ishlangan. Aristotel mazkur so'z bilan jismlar, elementlar va sonlar nazarda tutilishi mumkinligini qayd etib o'tadi.

Beshinchi kitob tahrir

Beshinchi kitob harakatning ibtidosiga bag'ishlanadi. Aristotel fikricha barcha sabablar o'zida ibtidoni aks ettiradi. Bu yerda u ajralmas tarkibiy qismlar bo'lmish elementlar to'g'risida va tabiat to'g'risida mushohada yuritadi. U oddiy tanalar ham mohiyat sifatida ko'rilishi mumkinligini qayd etib o'tadi. Mazkur kitobning 12-bobida harakatning ibtidosi sifatidagi qobiliyat yoki imkoniyat tushunchasi ochib beriladi.

Oltinchi kitob tahrir

Oltinchi kitobda faylasuf uch turdagi mushohada yuritish (spekulyativ bilim) turi: matematika, fizika (ya'ni tabiatshunoslik) va ilohiy mavjudotlar to'g'risidagi ta'limot (φιλοσοφίαι θεωρητικαί, μαθηματική, φυσική, θεολογική) haqida yozadi.

Yettinchi kitob tahrir

 
Metafizikaning Yettinchi kitobidan parcha. Myorbeklik Uilyam tarjimasi. XIII asr. Muqaddas Rim imperiyasi

Yettinchi kitobda Aristotel mohiyat to'g'risidagi fikrlarini davom ettiradi.

Sakkizinchi kitob tahrir

Sakkizinchi kitobda u ibtidolar to'g'risidagi mushohadalariga yana qaytadi va mohiyatlarning sabablari va elementlari to'g'risida fikr yuritadi. Aristotel moddiyatga, ya'ni jismoniy tanaga ega bo'lgan mohiyatlar ancha bahs-munozarali ekanligini aytadi. Uning fikricha, Narsalarning shakli narsalarning o'zidan faqatgina tafakkur orqali ajratilishi mumkin.

To'qqizinchi kitob tahrir

To'qqizinchi kitobda Aristotel imkoniyat va voqelik (amalga oshganlik) to'g'risida yozadi. Imkoniyatlar esa o'z navbatida tug'ma va orttirilgan turlarga bo'linadi.

O'ninchi kitob tahrir

O'ninchi kitob uzviy yoki to'liq bo'lgan yagona mohiyat to'g'risidagi qarashlarga bag'ishlangan.

O'n birinchi kitob tahrir

O'n birinchi kitob ibtidolar haqidagi fan sifatidagi donishmandlikni (ἐπιστήμη) uchun bag'ishlangan. Aristotel alohida jismlarni umumiy tushunchalar bilan solishtiradi va tushunchalarning haqiqiyligi masalasini qo'yadi. U shuningdek yuzaga kelish va yo'qolish kabi o'zgarish turlarini ham ko'rib hciqadi. Mazkur kitobda u yetti kategoriyalar: mohiyat (οὐσία), sifat, makon (τόπος), harakat, azoblanish, munosabat va miqdor kabilarni ko'rib chiqadi.

O'n ikkinchi kitob tahrir

O'n ikkinchi kitobda Aristotel o'z oldidagi tadqiqot predmeti mohiyat ekanligini ta'kidlaydi. Uning fikricha, mohiyat turlicha talqin qilinishi mumkin. Qadimgilar stixiyalarni mohiyatga kiritishgan bo'lsa, zamondoshlari umumiy, yoki tur tushunchalarini mohiyatga kiritishayotganini yozadi. Keyinroq u harakatsiz, cheksiz sabab, Xudo yoki Aql (Nus) bo'lmish ibtidoiy dvigatel haqida yozadi va uning maqsadi voqelikda Ezgulik va tartibga intilish ekanligini yozadi.

O'n uch va O'n to'rtinchi kitoblar tahrir

O'n uch va O'n to'rtinchi kitoblar go'yoki narsalardan tashqarida mavjud bo'luvchi Eydoslar va raqamlarni tanqidiga bag'ishlanadi. Aristotel ham, Platon singari go'zallik (καλόν) va ezgulikni (ἀγαθόν) bir-biridan farqlaydi, zero ularning birinchisi harakatsiz narsalarga xos bo'lsa, ikkinchisi esa harakat uchun xosdir. Biroq, o'z ustozidan farqli o'laroq, u mazkur ikki mohiyatni bir-biriga qarshi qo'yadi.[3]

Manbalar tahrir

  1. S. Fazzo, ʻSì come rota ch'igualmente è mossa’. Dalla Metafisica di Aristotele al Paradiso di Dante, Storie e linguaggi, Vol 4, N° 2 (2018)
  2. Лосев А. Ф. Критика платонизма у Аристотеля (перевод и комментарий XIII-й и XIV-й книги «Метафизики» Аристотеля). М., 1929.
  3. Метафизика. / Пер. А. В. Кубицкого. М.-Л.: Соцэкгиз. 1934. 348 стр. 10000 экз. Qayta nashr: Аристотель. Сочинения. В 4 т. Т. 1. М., 1975. (перевод пересмотренный) Qayta nashr: Аристотель. Метафизика. — М.: изд-во Эксмо, 2006. — 608 с. — (Антология мысли). (перевод в редакции 1934 г.)