Bu maqola falsafa ostsohasi haqidadir. Arastu asari uchun Metafizika (Arastu) maqolasiga qarang.

Metafizika voqeʼlik prinsiplarini oʻrganuvchi falsafiy tadqiqotdir. U oʻz ichiga kosmologiya va ontologiyani oladi. Metafizika shuningdek mavjudlik va olam tabiatini izohlashga harakat qiladi.[1]

Metafizika (yunoncha, meta ta physika — fizikadan soʻng) — borliqning sezgilardan yuqori turuvchi prinsiplari va umumiy asoslari toʻgʻrisidagi fand. Fizikada tadqiqotchi bevosita hissiy obʼyektlar ustida izlanish olib borsa, metafizikada esa tadqiqotchi sezgilar vositasida anglab olish mumkin boʻlmagan obʼyektlarni tadqiq etadi. Metafizikaning tadqiqot mavzuiga kiruvchi sifat, mazmun, mohiyat, hodisa va boshqa obʼyektlar toʻgʻrisida fikr yuritganda ularni bevosita koʻrib boʻlmaydi, ular boshqa narsa va hodisalarning oʻzaro aloqadorliklari jarayonida namoyon boʻladi. Shu jihatdan tarixan metafizika atamasi, koʻpincha, falsafa atamasining sinonimi sifatida ishlatilgan.

Metafizika atamasining paydo boʻlishi Aristotelning „Metafizika“ nomli asari bilan bogʻliqligi haqidagi fikr falsafiy adabiyotlarda keng tarqalgan. Ammo metafizika atamasini Platon asarlarida mustaqil bilish metodi sifatida uchratish mumkin. Aristotelning „birinchi falsafa“ga oid tabiiy-ilmiy masalalarni qamrab olgan maʼruza va asarlarini Andronik Rodosskiy toʻplab, uni „Metafizika“ deb nomladi. U 14 kitobdan iborat toʻplamdir. Aristotel tuzgan fanlar tasnifida oʻzining ahamiyati, qadrqimmati jihatdan birinchi oʻrinni borliq haqidagi fan egallaydi. Aristotel uni „birinchi falsafa“ yoki teologiya (xudo haqidagi taʼlimot) deb ataydi. Bu falsafa „ikkinchi falsafa“ (yaʼni fizika)dan shu bilan farq qiladiki, fizikada bevosita sezgilar orqali seziladigan aniq obʼyektlar tadqiq qilinsa, „birinchi falsafa“da borliqning materiya va shaklning aniq bogʻlanishiga bogʻliq boʻlmagan jihati, asl ildizi tadqiq qilinadi. Aristotel fikricha, metafizika insonning subʼyektivligi bilan ham, inson faoliyati bilan ham bogʻlanmagan boʻlib, u fanlarning ichida eng qimmatlisi, inson hayotining vositasi, quvonchining manbaidir.

Antik davr metafizikasini metafizikaning asl namunasi deyish mumkin. Davrlar oʻtishi bilan metafizikaga munosabat oʻzgardi. Oʻrta asrlarda metafizikaga yuksak akdiy bilimni eʼtirof etgan holda borliqni akdiy bilishning oliy shakli deb qaralgan. Sxolastika namoyandalari esa metafizikaga xudoni bilishga imkon beruvchi bilim sifatida qarashgan. Oʻrta asrlarda haqiqatan ham metafizika falsafiy tushunchalarning rivojlanishiga, falsafa fanining takomillashuviga sababchi boʻldi. Shu davrlarda olimlar erkinlik va zaruriyat, tasodif va qonuniyat tushunchalarining mazmuniga aniklik kiritishdi. Metafizika olamning yaxlit manzarasini yaratishga turtki berdi. Metafizika har qanday taʼlimning, xususan, didaktikyning magʻzini tashkil etuvchi metod boʻlib xizmat qildi, falsafaning tushunchalarini boyitdi. Yangi davrga kelib, metafizika tabiatshunoslikning bagʻriga singib ketdi.

Bu fanlardagi bilish (gnoseologik) muammolarni tadqiq etishdan borliqning mohiyatini tadqiq etuvchi ontologik muammolarni tahlil etishgacha metafizika asosiy falsafiy yoʻl-yoʻriq boʻlib xizmat qiladi. Ammo u bir tomondan, oʻrta asrlardagi diniy sxolastika namoyandalarining deistik, panteistik tanqidlariga, ikkinchi tomondan, keyingi davrlarda skeptitsizm, sensualizm, mexanitsizm vakillarining shafqatsiz tanqidiga uchraydi. Nemis mumtoz falsafasi vakillari ham metafizikani tadqiqot obʼyekti va predmetiga ega boʻlmagan fan sifatida, dogmatizmda ayblashdi. Gegel metafizikani dialektikata qarama-qarshi turuvchi metod deb taʼrifladi. Marksizm klassiklari esa metafizikani rivojlanishga qarama-qarshi, antidialektik metod deb tanqid qilishdi.

Metafizika tushunchasi Oʻrta Osiyo mutafakkirlarining taʼlimotida ham oʻz ifodasini topgan. Ibn Sino taʼrifiga koʻra, metafizika borliq toʻgʻrisidagi taʼlimotdir. Uning fikricha, metafizika borliqning 4 turini oʻrganadi: 1) jismoniy (moddiy) likka ega boʻlmagan obʼyektlar — ilohiy mavjudotlar va Allohni; 2) ilohiyligi kamroq boʻlgan, materiyaga qandaydir aloqasi bor obʼyektlar (osmon jismlari, ularni harakatga keltiruvchi kuchlar)ni; 3) obʼyektlarning moddiylik bilan birlashishini, baʼzi hollarda esa ulardan erkin holda mavjud (substansiya, xususiyat, zaruriyat, imkoniyat) boʻlishini; 4) moddiy obʼyektlar va tushunchalar materiya bilan doimo bogʻliklikda boʻlgan jism tabiatiga ega ekanligini.

Hozirgi zamonda metafizika xilma-xil talqin etilishiga qaramasdan, metafizikani inson borligʻining eng umumiy asoslarini oʻrganuvchi falsafiy taʼlimot deyish mumkin. Shunday qilib, metafizika voqelikka yondashish, uni oʻrganish uslubi, metodidir. Voqelikni faqat toʻxtovsiz oʻzgarish, rivojlanish jarayonida tadqiq etib boʻlmaydi. Shu sababli voqelikning muayyan qirrasi, tomoni, holati, jihatini voqelikdan ajratib oʻrganishda, uni mavhumlashtirish, umumlashtirish, ideallashtirishda metafizikaning tadqiqot metodi fanda kerak boʻladi. Hozirgi zamon falsafasida ham metafizikaga ikkiyoqlama munosabat mavjud. Metafizikani ratsionalizm nuqtai nazaridan yoklovchilar ham, uni mavhum ontologizmni ifodalovchi quruq falsafabozlik deb qarovchilar ham topiladi. Umuman olganda, metafizika olamga yondashishning bir falsafiy usulidir. Uni biryoklama inkor etish ham, mutlaklashtirish ham toʻgʻri emas. Metafizika bilish metodi, voqelikni anglashda metodologik moʻljal boʻlishi mumkin. Bu metoddan boshqa metodlar bilan umumiy birlikda foydalanish maqsadga muvofikdir.

Baxtiyor Toʻrayev, Mahbuba Abdumayeva.[2]

Metafizika atamasi yunoncha μετά (metá) („keyin“) va φυσικά (physiká) („fizika“) soʻzlaridan tashkil topgan, bu yerda „fizika“ Arastuning modda haqida yozgan ishini bildiradi (Arastu „Fizika“ asaridan soʻng yozgan ishini „Metafizika“ deb nomlagandi).

Metafizikada koʻriladigan muammolar turlicha, ularga quyidagilar misol boʻlishi mumkin:

  • Voqeʼlik tabiati qanday?
  • Olam nega mavjud, nega u paydo boʻlgan?
  • Ongdan tashqarida olam mavjudmi?
  • Agar narsalar darhaqiqat mavjud boʻlsa, ularning mavjudligiga obyektiv sabab bormi?

Shuningdek tahrir

Adabiyotlar tahrir

  1. Geisler, Norman L. „Baker Encyclopedia of Christian Apologetics“ page 446. Baker Books, 1999.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar tahrir