Fenomenologiya (fenomen va ... logiya) — 1) falsafiy fan; falsafa tarixida turlicha: hissiy bilishni tanqid qiladigan fan sifatida (I. G. Lamberg, I. Kant), falsafaning vujudga kelishi, ongni tarixiy tadqiq etish shakllarini oʻrganadigan taʼlimot sifatida (G. Gegelning "Ruh fenomenologiyasi"), psixik fenomenlarni bayon etuvchi psixologiyaning bir kismi sifatida (F. Brentano, A. Meynong) talqin etiladi; 2) falsafiy oqim, uning prinsiplarini XX asr boshida E. Gusserl taʼriflab bergan. U bir tomondan, fenomenologiya ratsional empirizm va pozitivizm bilan bogʻliq ekanligini qayd etsa, 2 tomondan esa, naturalistik obʼyektivizm va skeptik relyativizmni tanqid qiladi. Fenomenologiyani yoʻqotilgan va unutilgan qadriyatlarni topishga koʻmak beruvchi falsafiy arxeologiya deb biladi. Fenomenologiya ekzistensializm va hozirgi zamon falsafasidagi boshqa oqimlarning manbalaridan biri boʻlgan.