Mikrobiologiya sanoati - sanoat tarmogʻi; ishlab chiqarish jarayonida turli nooziq-ovqat xom ashyo turlari (neft va gaz uglevodorodlari, gidrolizatlar, yogʻoch)dan va qand lavlagi, makkajoʻxori, moyli va yormabop ekinlar va boshqalarning donini sanoatda qayta ishlash chiqindilaridan qimmatli mahsulotlarni mikrobiologik sintez qilib olishga asoslanadi. Oqsilvitaminli konsentratlar, aminokislotalar, vitaminlar, ferment preparatlari, antibiotiklar, oʻsimliklarni zararkunanda va hasharotlardan himoya qilishda qoʻllaniladigan bakteriyali va virusli lre-paratlar, bakteriyali oʻgʻitlar, shuningdek, oʻsimlik xom ashyosini kompleks qayta ishlash mahsulotlari — furfurol, ksilit va boshqa ishlab chiqaradi. Mikrobiologiya sanoati fantexnika taraqqiyoti yutuqlari negizida vujudga kelgan va mikrobiologiya texnikasi, kimyo, fizika, kimyoviy texnologiya, biotexnologiya va boshqalarning eng yangi yutuqlariga tayanadi. Mikroorganizmlarga xos boʻlgan moddalarning fermentlar taʼsirida oʻzgarishlarida yuzaga keladigan ulkan energiyadan qishloq xoʻjaligi va sanoat uchun zarur mahsulotlarni maqsadga muvofiq sintez qiladigan mukam mal muhandislikbiologik sistemalar barpo etilgan. Mikrobiologiya sanoati mahsulotlarining katta qismi biologik jihatdan yuqori sifatli aralash yem ishlab chiqarishda ishlatiladi. Yemga qoʻshilgan 1 t yem achitqi tirik vaznda qoʻshimcha 1,5—2 t parranda goʻshti yoki 15—25 ming dona tuxum olishni taʼminlaydi va 3,5—5 t donni tejash imkoniyatini beradi. Yem achitqilari bilan birga ratsionda yetishmaydigan vitaminlar va aminokislotalar, yem antibiotiklari, fermentli preparatlar mollarning ozuqa ratsioniga qoʻshiladi.

Mikrobli va virusli insektitsidlar odamlar, foydali hayvonlar va hasharotlar uchun xavfsiz hisoblanadi. Fermentli preparatlar qishloq xoʻjaligi xom ashyolariga ishlov berishda bir qator texnologik jarayonlarni ancha tezlashtiradi, oziq-ovqat, goʻsht, sut sanoati, yengil sanoatda mahsulot chiqishini oshiradi va sifatini yaxshilaydi. Fermentli preparatlar, shuningdek, kimyo va qora metallurgiya sanoatida, sanoat va kommunal oqova suvlarini tozalash tizimlarida qoʻllaniladi. Mikrobiologiya sanoati mahsuloti boʻlgan lizin, fermentli va oqsilli preparatlar non va non mahsulotlarini, oziq-ovqat kotsentratlarini oqsil bilan boyitish, ularning ozuqalik qimmatini oshirishda foydalaniladi. Oʻzbekistonda Mikrobiologiya sanoati mahsulotlari "Qoʻqon spirt zavodi" aksiyadorlik jamiyati (1989; don (bugʻdoy)dan rektifikatsiya qilingan etil spirti), "Andijon biokimyo zavodi" aksiyadorlik jamiyati (1953; furfurol, spirt, etil spirti, quruq xlorella va boshqa mikrobiologiya mahsulotlari); Yangiyoʻl "Biokimyo" aksiyadorlik jamiyati (1949; etil spirti, oʻsimlik xom ashyosidan texnik spirt, yem-xashak achitqisi, quruq yem-xashak qoʻshimchasi), Fargʻona furan birikmalari kimyo zavodi (1946; chigit shulxasi, sholi qipigʻi, paxta lin-ti va boshqalardan furfurin, etil, texnik spirtlar)da ishlab chiqariladi. Mikrobiologiya sanoatining ayrim mahsulotlari "Oʻzfarmsanoat" kompaniyasi korxonalarida tayyorlanadi.

Rixsivoy Yoqubov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil