Mikronez tillari - avstronez tillari oilasining Okeaniya tillari guruhiga mansub, Mikroneziya (Kiribati, Nauru, Marshall, Karolina va boshqa orollar)da tarqalgan tillar (nauru, kiribati, sonsorol, kuoape, yap, ponape, pingelap, mokil, truk va boshqalar). Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 200 mingdan ortiq. Fonetik jihatdan Mikronez tillari bir qancha oʻxshashliklarga ega, birok, unli va undoshlarning miqdori, talaffuzi boʻyicha oʻzaro farq qiladi. Feʼl kategoriyalarining shakllari bir necha usul (qoʻshimcha qoʻshish, soʻzlar takrori, soʻz qoʻshish) bilan ifodalanadi. Olmoshlar tizimi (tur va shakllari) ancha murakkab. Mikronez tillari adabiy tillar darajasigacha rivojlanmagan; koʻpchiligi lotin alifbosi asosidagi yozuvga ega. Mikronez tillarini lingvistik jihatdan oʻrganish (til oʻrganish markazi — Gonolulu shahri) 20-asrning 40-yillaridan boshlangan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil