Milan (shahar)
Milan — Italiyaning shim. qismidagi shahar, Padana tekisligining markazida. Lombardiya viloyati va Milan provinsiyasining maʼmuriy markazi. Mamlakatning yirik iqtisodiy va madaniy markazi. Aholisining soni jihatidan (2001-yilda 1,8 mln. kishi) Rim shahridan keyin 2-oʻrinda. Transport yoʻllarining yirik tuguni. Kema qatnaydigan kanallar orqali Po daryosi bilan bogʻlangan. Aeroporta xalqaro ahamiyatga ega.
M. — mamlakatning muhim sanoat, ilmiy va madaniy markazi. Iqtisodiy faol aholining yarmidan koʻprogʻi sanoatda ishlaydi. Sanoatining yetakchi tarmogʻi — mashinasozlik (motorsozlik, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, traktorsozlik va boshqalar) va metallurgiya. Neftni qayta ishlash, kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoatlari ham rivojlangan. Toʻqimachilik, koʻn-poyabzal, poligrafiya korxonalari bor. Italiyaning yirik nashriyotchilik markazi. Geografik jur.lar, harita, atlas, yillik toʻplam va h.k. nashr qiladigan mashhur "Turing klub Italyano" Milan (shahar) M.da bir qancha oliy oʻquv yurtlari, jumladan universitet, texnika instituti, katolik, savdo universitetlari, konservatoriya, Nafis sanʼat akademiyasi va boshqa ilmiy muassasa, kutubxonalar, "La Skala" opera teatri va boshqa teatrlar, muzeylar, kartinalar galereyasi bor. Meʼmoriy yodgorlik juda koʻp: cherkov va soborlar, jamoat binolari saqlangan. Savdo universiteti, Milan koʻrgazma zali kabi zamonaviy binolar qurilgan.
M.ga miloddan avvalgi 4-asrda asos solingan. Miloddan avvalgi 196 yildan Rim tarkibida (lotincha nomi Mediolanum). 11 — 12-asrlarda hunarmandchilik va savdo markazi boʻlgan. 1535-yilda Ispaniyaga qoʻshib olingan. 1802-yildan Italiya Respublikasining, 1805-yildan Italiya qirolligining poytaxti. 1815—59 yillarda Avstriya tarkibida. 1861-yilda Italiya qirolligiga qoʻshilgan.[1]
Manbalar tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |