Minimalizm (ing. Minimal Art — minimal sanʼat) — ijodiy yoʻnalish. 1950—60 yillarda Sharq (ayniqsa, dzenbuddizm) falsafasi taʼsiri ostida AQSH sanʼatida yuzaga kelgan. Rassomlardan K. Andre, D. Jads, R. Morris, T. Smit, F. Stella va boshqa, musiqada (Stasis — holat, Systematic music — tartibli musiqa nomi bilan) S. Rayx, T. Rayli, M. Yang, F. Gless, J. Adams va boshqa ijodida rivoj topgan. "Minimum vositalari bilan maksimum natijalarga erishish" M.ning asosiy mezoni boʻlib, sanʼatning turli koʻrinish (rangtasvir, nasr, nazm, kino, musiqa)larida, madaniy hayotning turli jabha (moda, dizayn va boshqalar)larida oʻz aksini topgan. Kino ustalaridan J. M. Shtraub (Germaniya), K. Dreyer (Daniya), R. Bresson (Fransiya), yozuvchi va shoirlardan A. Voznesenskiy, Yu. Bondarev shu uslubda ijod qilgan. M.ga meditatsiya (oʻylarga choʻmib xayol surish), sehrli, turgʻun holatlar xos. Oʻzbekiston kompozitorlaridan D. Saydaminova, D. Yanov-Yanovskiy, P. Medyulyanova, A. Kim, N. Gʻiyosov va boshqa M. uslubiga murojaat qilgan.

Aida Gabitova.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil