Mirijanda maqbarasi
Mirijanda maqbarasi — Oʻzbekistonda joylashgan madaniy meros obyekti. Diqqatga sazovor joy hisoblanadi. Obyekt V-VI asrlarda bunyod etilgan. Maqbara Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida „Gulshan“ MFY Mardtepa qishlogʻi hududida joylashgan. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlariga koʻra, Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida) davlat mulki hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan[1][2].
Mirijanda maqbarasi | |
---|---|
Muqobil nomlari | Miri Janda ota maqbarasi |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | maqbara |
Joylashuvi | Gulshan MFY, Mardtepa qishlogʻi |
Manzili | Gʻuzor tumani |
Mamlakat | Oʻzbekistonn |
Koordinatalar | 38°21′45″N 66°09′04″E / 38.362449°N 66.151008°E |
Nomlanishi
tahrirMiri Janda ota maqbarasi nomi toʻliq ismi Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Shahobuddin Suhravardiy nomli shaxs bilan aloqador. U taxminan shimoli-sharqiy Eronning Jabal oʻlkasida joylashgan Suhravard shahrida tugʻilgan. Shahobuddin Suhravardiy uzoq yillar davomida Bagʻdodda yashagan. Abulqodir Gʻiyloniy uning piri hisoblanadi. Keyinchalik Gʻuzorga kelib shu yerda vafot etadi[3].
Sharafuddin Ali Yazdiy „Zafarnoma“ asarida quyidagilarni yozib oʻtadi: „Amir Taragʻay hirkasi jihatdan karomat nasabli, xudojoʻy shayx-ul-islom Shahobuddin Suhravardiyga, unga borib yetuvchi shayx Shamsiddin Kulolga sidqidildan ixlos qilgan va uning maqbarasini tez-tez ziyorat qilib turgan“[4].
Abdulloh ibn Shahobuddin Suhravardiy Toshkent shahridagi Koʻkcha dahasida qabri joylashgan Shayx Zayniddinning otasi hisoblanadi[5].
Janda soʻzi soʻfiy allomaning diplomatik safarlari vaqtida kiygan kiyimi nomidan kelib chiqqan.
Joylashuvi
tahrirTaniqli tarixchi olim Poyon Ravshanovning yozishicha, Gʻuzordaryoning soʻl qirgʻogʻida, qoʻrgʻondan 300-400 metr janubi-gʻarb tomonda Gʻuzor namozgohi joy olgan. Qoʻrgʻonning Eski bogʻ nomli darvozasi esa masjid qarama-qarshisida boʻlgan. Shu darvozadan chiqarilgan yoʻl toʻgʻri Eski bogʻ hududiga eltgan. Namozgohning shimoli-sharqida Amir Jond (yoki Amir Janda) qabristoni boʻlgan.
Miri Janda ota maqbarasi yonida Mir Janda jome masjidi ham joy olgan. Maqbaraga Shahobuddin Suhravardiy va uning eng yaqin insonlari dafn etilgan.
Jom’e masjidi mustaqillik yillarida barpo etilgan boʻlib, koʻk-yashil tusli gumbaz bilan jihozlangan. 2022-yilda masjid qayta taʼmirdan chiqqan. 2019-yilda masjidning gumbazi qayta tiklangan.
Manbalar
tahrir- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori“. Backend.madaniymeros.uz. 2023-yil 25-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
- ↑ „Qashqadaryo viloyati“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ Sharafuddin Ali Yazdiy. Zafarnoma (o'zbek). Toshkent: Sharq nashriyoti, 1997-yil — 155-156-bet.
- ↑ „Республикадаги ислом дини билан боғлиқ зиёратгоҳ ва қадамжолар“. religious.uz. Qaraldi: 08-2023.