Mirzo Kenjabek - Shoir,adib tarjimon,Yozuvchi,Islom Olimi, Naqshbandiya Shayxi[1][2]

Shayx Mirzo Ahmad Xushnazar Termiziy (Mirzo Kenjabek)
Tavalludi 20-fevral 1956-yil (1956-02-20) (68 yosh)

Biografiyasi tahrir

1956-yil 20 fevralda Surxondaryo viloyat, Sariosiyo tumanidagi Mehnat qishlogʻida tugʻildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida (1974–1979), Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida (1998–2001) tahsil oldi. Sobiq “Yosh gvardiya”, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotlarida, “Mushtum” jurnalida, Abdulla Qahhor uy-muzeyida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida turli lavozimlarda xizmat qildi.

Ijodi tahrir

Birinchi sheʼriy toʻplami “Adashgan maktublarim” 1982-yilda bosildi. Shundan keyin shoirning “Quyoshga qaragan uy” (1983), “Munojot” (1986), “Sharq tili” (1988), “Bahorim yellari” (1991) kabi sheʼriy kitoblari, qator publitsistik maqolalari nashr etildi. Shoirning ozodlik gʻoyasi balqib turgan “Dildoshlik”, “Til erki – el erki”, “Xalq nomidan yolgʻon soʻzlamang”, “Yuragimda oyoq izi bor”, “Fitna sanʼati” kabi publitsistik maqolalari oʻz vaqtida yozilganligi bilan qadrlidir. Mirzo Kenjabekning yana “Saylanma” sheʼriy kitobi, “Qafasdagi ozodlik” (Yozuvchi Shuhratning hibsdagi hayotiga bagʻishlangan), “Dunyoning murshidi” (2004), “Eʼtirof” (2005) asarlari ham muxlislarga munosib tuhfa boʻldi. Mirzo Kenjabek tarjimon sifatida Hofiz Sheroziy, Shayx Saʼdiy Sheroziy, Nikolas Gilen, Gevorg Emin, Yakub Kolas, Loiq Sheraliy, Oʻljas Sulaymon kabi shoirlarning turkum sheʼrlarini ona tilimizga oʻgirdi. Jahon adabiyotining nodir namunalaridan Farididdin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asarini avval usmonli turk tilidan tabdil etib nashr qilgach (1997), soʻngra fors tilidan oʻzbekchaga qayta oʻgirib, eʼlon qildi. Mumtoz arab shoiri va olimi Usmon Oʻshiyning sahih aqoid mavzuidagi “Omoliy” manzumasini arab tilidan tarjima qildi (1999). Shuningdek, naqshbandiya tariqati namoyondalari Mahmud Asʼad Joʻshonning “Haqiqiy sevgi” (1998), Muhammad Zohid Qoʻtqu ibn Ibrohim al-Bursaviyning “Ahli sunnat val-jamoat” (1999) kitoblarini, Qutbiddin Iznikiyning “Murshidi mutaahhilin” (“Yosh kelin-kuyovlarga maslahatnoma”, 1999), ulugʻ vatandoshimiz Abu Iso Muhammad at-Termiziyning “Sunani Termiziy” (“Al-jomiʼ as-sahih”) asarlarini mahorat bilan ona tilimizga oʻgirdi. Bu maʼrifiy izlanishlar natijasida uning “Termiz tazkirasi” asari maydonga keldi (2001). Istiqlol yillarida shoirning “Vatan, koʻzlardasen, qaroqlardasen”, “Oʻzingda nur boʻlsa, nurni koʻrgaysan” kabi turkum sheʼrlari, bir qancha maʼrifiy maqolalari eʼlon qilindi. Pushkinning “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romani, Maxtumqulining “Saylanma” kitobi (2004), J. Oldrijning “Gʻaroyib moʻgʻil oti” qissasi (2004), Zayniddin Vosifiyning “Toshkent taʼrifida masnaviy” (2009) asarlari tarjimasi ham Mirzo Kenjabek qalamiga mansubdir.[3]

Manbalar tahrir

  1. Mirzo Kenjabek
  2. Mirzo Kenjabek, 2020-06-30da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-06-30
  3. “Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.